Abu Dovud
Abu Dovud – to’liq ismi Sulaymon ibn Ash’as ibn Isxoq ibn Bashir ibn Shaddod ibn Amr al-Azdiy as-Sijistoniy (817-888/889, Basra) muhaddis, imom. Yoshligidan hadis ilmini o’rgangan. O’smirlik chog’laridayoq hadis to’plash niyatida sayohatga chiqib, Xuroson, Iroq, Suriya, Misr, Hijoz kabi yurtlarda bo’lgan. Bir qancha ulug’ muhaddislar (Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal, Qutayba ibn Said, Termiziy) bilan uchrashgan. Abulfaraj ibn Javziyning guvohlik berishicha, u hadislarni naql qilish va ularning sabablarini ko’rsatish bo’yicha muhaddis allomalarning eng ulug’laridan biri sanaladi. O’zining aytishicha, 500 ming hadis yozib olgan. Shulardan 4800 tasini ma’lum bir shartlar asosida ajratib, hadislar to’plami tuzgan. Bu to’plam “Sunan” (“Sunnatlar”) nomi bilan mashhur bo’lib, sahihligi jihatidan imom BUxoriy va Muslimning asarlaridan keying o’rinda turadi, ya’ni “Kutub us-sitta” (“Oltita ishonchli”) hadis to’plamlaridan biri hisoblanadi. Shu bois u keyinchalik imom Abu Dovud deb yodga olinadigan bo’lgan. Umrining so’nggi yillari Bag’dodda o’tkazgan. Uning “Nosix ul-Qur’on va mansuhuhu” (“Qur’onning nasx qiluvchi va nasx qilingan oyatlari”) va “Daloil an-nubuvvat” (“Payg’ambarlik dalillari”) asari ham bor. Ibn Nadim uning “Kitob ixtilof as-masohif” [“Ilk mushaflar (Qur’on qo’lyozmalari)ning bir-biridan farqi haqida kitob”)] nomli asarini eslatib o’tadi. Abu Dovudning asarlari ahli sunna val-jamoaning muhim hujjatlaridan hisoblanganligi uchun azaldan Movarounnahrda ham keng tarqalgan.