Abulhasan Ash’ariy

Abulhasan Ash’ariy – to’liq ismi Abulhasan Ali ibn Ismoil [873 (hijriy 259), Basra-935 (hijriy 323), Bag’dod] mutakallim, ash’ariya maktabi asoschisi. Nasl-nasabi Abu Muso Ash’ariyga borib taqaladi. Dastlab mu’taziliylarning boshlig’i Abu Ali Jubbaiydan ta’lim olib, mu’taziliylar nazariyotchisi sifatida tanilgan. 40 yoshida munozalardan birida ustozi bilan kelisha olmay, mu’taziliy aqidalari islom asoslariga to’g’ri kelmaydi degan xulosaga kelib, o’z qarashlarini keskin o’zgartirgan. Islom ilohiyotiga falsafiy uslubni kiritishga uringan. Mu’taziliylikka xos ochiq ifodalangan ratsionalizmni ham, diniy e’tiqoddagi o’taketgan formalizmni ham rad etgan. Mu’taziliylarga qarshi diniy-falsafiy tizimni asoslash uchun Qur’on va hadislarga qo’shimha qilib falsafa va mantiq uslubidan kengroq foydalangan, mu’taziliy, qatmatiy, botiniy, rofiziy va boshqalarga raddiyalar bergan. 100 ga yaqin asar yozgan. Ulardan “Maqolat ul-islomiyyin” (“Musulmonlar so’zlari”), “Ibona” (“Bayon qilish”), “Risola il-ahlis sag’r”) “Chegara hudud aholisiga maktublar”), “Luma’” (“Shu’la”) asarlari eng mashhurlaridir. Sunniylikdagi ashariylik aqida maktabiga asos solgan.