ACHCHIQMIYA

ACHCHIQMIYA (Gobelia pachycarpa) — burchoqdoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’simlik. Bo’yi 30 — 45 santimetr, qalin tuk bilan qoplangan. Barglari murakkab patsimon, uzunligi 10 — 18 santimetr. Gullari poyaning yuqorisida shingil bo’lib joylashgan. Dukkagining uzunligi 4,5 — 6 santimetr, eni 7 — 9 millimetr. Achchiqmiya aprel— mayda gullab, iyun— iyulda urug’laydi. Toshkent, Samarqand, Farg’ona va Buxoro viloyatlarida turli sharoitda, shuningdek lalmi ekinlar orasida o’sadi. Eron va Afg’onistonda ham tarqalgan. Achchiqmiya zaharli o’simlik. Urug’ida va poyasida 2,5 — 3% alkaloid (asosan paxikarpin, sofokarpin, soforamin, soforidin va aloperinlar) bor. Paxikarpin alkaloidi tibbiyotda har xil qon va teri kasalliklarini davolashda keng qo’llaniladi. Achchiqmiya urug’i aralashgan bug’doy uni achchiq va zaharli bo’ladi. Xalq tabobatida Achchiqmiyaning maydalangan urug’i ovqat hazm bo’lishini yaxshilash va ishtaha ochishda qo’llaniladi.