AEROVOKZAL
AEROVOKZAL — aeroportlarda havo transporti yo’lovchilariga xizmat ko’rsatiladigan va yuk operatsiyalari o’tkaziladigan bino yoki binolar majmui. Aerovokzal tarkibiga vokzal oldi maydoni (shahar transporti to’xtab turish maydoni bilan birga), samolyotlar turadigan perron, perron-texnika xizmati ko’rsatish binolari, samolyot bortida yo’lovchilarga beriladigan oziq-ovqat tayyorlash tsexi, mehmonxonalar, komanda-dispetcherlik punktini o’z ichiga olgan asosiy inshootlar majmui kiradi. Odatda, bu bino va inshootlar Aerovokzal binosi bilan birga quriladi. Aerovokzalning ichki va xalqaro liniyalarga xizmat ko’rsatuvchi xillari bo’ladi. Aerovokzalda yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish yumushlari quyidagilarni o’z ichiga oladi: chiptalar sotish va ro’yxatga olish; reys bo’yicha yuklarni qabul qilish, rasmiylashtirish, komplektlash va uchib kelgan yo’lovchilarga yuklarini berib yuborish; samolyotlarning uchishi va qo’nishi haqida axborot berib turish, pochta, maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlar ko’rsatish. Aerovokzalning o’lchami aeroportning yo’lovchilarni tashish hajmidan kelib chiqadi. Toshkent aeroportidagi Aerovokzal yirik Aerovokzallar jumlasiga kiradi. Yirik shaharlarda aeroportlardagi Aerovokzal ishini yengillashtirish maqsadida aeroport bilan shahar transporti vositasida bog’langan shahar Aerovokzali quriladi.