AFROSIYOB DEVORIY RASMLARI
AFROSIYOB DEVORIY RASMLARI — Afrosiyobda arxeologik qazilmalar natijasida topilgan mahobatli rang-tasvirning noyob namunalari. Dastlabki namunalari arxeolog V. Vyatkin tomonidan ochilgan (1913). Keyingi qazishlar davri (1965-68)da o’zbek arxeologlari 30 ga yaqin saroy xonasini ochishga muvaffaq bo’lganlar, bu xonalarning ko’plari devoriy rasmlar, naqshlar bilan bezatilgan. Shulardan katta (11×11 metr) va kichik (7×7 metr) xonalardagi rasmlar birmuncha yaxshi saqlangan. Xonalardan birida erkak va ayol Ark oldida o’tirgan holda tasvirlangan. Katta xona devorlariga ishlangan rasmlar detallarga boyligi, saqlanib qolgan Sug’d yozuvlari bilan ahamiyatli. Xona devorlariga ishlangan rasmlarda to’y marosimi, Sug’d hukmdorining xorijiy davlatlarning elchilarini qabul qilishi, bu elchilarning yo’ldagi sarguzashtlari, yirtqich hayvonlar bilan olishuv, ov manzaralari, afsonaviy mahluqlar tasvirlangan. Saqlanib qolgan rasmlar tahlili o’rta asr mahobatli tasviriy san’atining g’oyaviy badiiy yo’nalishi, rassomning ish usullari va vositalari haqida, tafsilotlarga boy maishiy sahnalar, etnik ko’rinishlar o’sha davr haqida fikr yuritish imkonini beradi. Rassom devorni 3 qismga bo’lib, 2 chetki qismidan ensiz naqsh hoshiyasi ajratib olgan, asosiy qismga mavzuli tasvir ishlagan, voqealarni yuqoridan kuzatayotganday aks ettirgan. Afrosiyob devoriy rasmlari yagona bir mazmunga bo’ysundirilgan: markazda Sug’d hukmdori Varxumon turadi, an’analarga ko’ra rassom uni boshqalarga nisbatan yirik ko’rinishda (butun devor balandligida, 5-6 metr) tasvirlab, hukmdorning buyukligini e’tirof etadi, unga abadiylik, qahramonlik baxsh etadi. Afrosiyob devoriy rasmlari O’rta Osiyoda arablar istilosiga qadar mahobatli rang-tasvirning rivojlanganligini, Samarqand uning markazi bo’lganligini ko’rsatadi. Ad.: Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Ocherki iskusstva Sredney Azii, M., 1982.