AFROSIYOBI
AFROSIYOBI — ertapishar olma navi. R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Landsberg navini Samarqand ertapishar navi bilan duragaylab chiqarilgan (V. V. Kuznesov, A. A. Leplinskiy). Daraxti o’rtacha o’sadi, keng shoxli, piramidasimon, novdalari jigarrang. Bargi o’rtacha. Gullari mayda, oq. Mevasi yirik (100-150 gramm), sirti tekis, uchki tomoni toraygan, qirmizi-sariq rangda, mevabandi kalta, eti och sariq, muloyim, shirin. Ko’chati ekilganidan keyin 4-5 yilda hosilga kiradi. Iyul boshida pishadi. Har yili hosil qiladi. Hosildorligi o’rtacha. Olma qurtidan kam zararlanadi. Mevalari tez to’kilib ketadi. Shahar atrofi, shamol kuchli bo’lmagan zonalar va tomorqa xo’jaliklarida yetishtirish uchun tavsiya etilgan.