AFV ETISH
AFV ETISH — sud hukmi bilan jazo tayinlangan biror shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish yoki unga berilgan jazoni yengillatish. Odatda, davlat boshlig’ining qarori bilan amalga kiritiladi. O’zbekiston Respublikasida sudning hukmi bilan jazo tayinlangan shaxslarni Prezident tomonidan Afv etish va gunohlaridan o’tishni anglatadi (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 93-modda, 20- band). Afv etish O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlagan Nizomda nazarda tutilgan tartiblar va qoidalar asosida amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasida Afv etish masalasi odatda, hukmlangan fuqaroning Afv etishni so’rab yozgan iltimosnomasiga asosan ko’rib chiqiladi. Iltimosnomadan tashqari: a) o’lim jazosiga hukm qilingan, ammo Afv etishni so’rab iltimosnoma yozgan mahkumlarga oid mavjud materiallar; b) O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O’zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan o’lim jazosiga va boshqa jazo turlariga mahkum etilgan fuqarolarga nisbatan Afv etishni qo’llashni so’rab keltirgan taqdimnomalar ham ko’riladi. Sud hukmi bilan jazoga hukm etilganlarni Afv etish o’lim jazosini ozodlikdan maxrum qilish jazosi bilan almashtirish; asosiy va qo’shimcha jazolarni to’la yoki qisman o’tashdan ozod qilish; jazo o’talmagan qismini yengilroq turi bilan almashtirish va sudlanganlikni olib tashlash yo’li bilan amalga oshiriladi. Afv etishni so’rab qilingan iltimosnoma sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan so’ng ko’rib chiqiladi. Afv etish masalasini ko’rib chiqishda: sodir etilgan jinoyatning jamiyatga xavflilik darajasi va xususiyati, mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlar, uning xulqi, mehnatga munosabati, ozodlikdan maxrum etish jazosini o’tayotgan koloniyada jamoat ishlarida qatnashishi yoki qatnashmasligi, jazo muddatining qanchasi o’talganligi, keltirilgan moddiy zarar miqdori va boshqa holatlar; jazo o’tayotgan koloniya ma’muriyati, jamoat tashkilotlari va jamoalarning mahkumga nisbatan fikri; yetkazilgan moddiy zararni to’lashdan ozod etishni so’rab qilingan iltimosnoma bo’yicha moddiy zarar yetkazilgan tashkilot, tuman (shahar) hokimligining fikri; harbiy sudlar tomonidan hukm qilingan mahkumlarning iltimosnomalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fikri hisobga olinadi. O’lim jazosiga hukm etilganlar shu to’g’ridagi hukm qonuniy kuchga kirganligi ularga e’lon qilingan, hukmning yoki ajrimning nusxasi topshirilgan kundan boshlab 7 sutka ichida Afv etishni so’rab iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqlidir. Agar o’lim jazosiga hukmlangan shaxs belgilangan muddatda Afv etishni so’rab iltimosnoma bilan murojaat qilmasa yoki shunday iltimosnoma qilishdan voz kechganini bildirsa, u holda belgilangan qoida asosida bu haqda AKT tuziladi. Iltimosnoma yoki AKT iltimosnoma qabul qilingan yoki AKT tuzilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirilmay Prezident devoniga yuborilishi shart. O’lim jazosi tayinlangan shaxsning Afv etishni so’rab bergan iltimosnomasi yoki uning Afv etishni so’rab iltimos qilishdan voz kechganlik to’g’risidagi hujjatlar ko’rilib, hal qilingunga qadar o’lim jazosi tayinlanganligi to’g’risidagi hukm ijrosi to’xtatib turiladi. Afv etish to’g’risidagi iltimosnomalar va materiallar Prezident huzurida tuzilgan komissiya tomonidan dastlabki tekshi rishdan va muhokamadan o’tadi. Agar Komissiya Afv etish masalasini ko’rishda yig’ilgan hujjatlarni qo’shimcha tekshirishdan o’tkazishni lozim topsa, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki O’zbekiston Respublikasi prokuraturasiga o’rganib chiqish va tegishli xulosa berish uchun yuboradi.