AFZALBOJLAR

AFZALBOJLAR, bojxona tarifi preferentsiyalari — bir yoki bir necha davlatning tovar importi uchun eng qulay sharoitlar yaratish maqsadlarida belgilangan bojxona bojlari. Shu mamlakatlarning jami yoki ayrim tovarlari turi uchun qo’llaniladi. Davlatlar o’rtasida o’zaro yoki bir tomonlama tartibda joriy etiladi. Kam rivojlangan mamlakatlardan import qilingan tovarlardan umuman boj undirilmasligi mumkin. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 27 avgust qabul qilingan «Boj tarifi to’g’risida» Qonunida O’zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishida O’zbekiston Respublikasi bilan birga erkin savdo zonasi yoki bojxona ittifoqiik tashkil qilgan yoxud shunday zona yoki ittifoq tuzish maqsadini ko’zlovchi bitimni imzolagan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga, O’zbekiston Respublikasi milliy preferentsiya tizimidan foydalanuvchi rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan boj to’lashdan ozod qilish, boj stavkalarini kamaytirish yoki preferentsial tartibda tovar olib kirish (olib chiqish)ga tarif kvotalari belgilash kabi preferentsiyalarga yo’l qo’yilishi ko’rsatilgan. Sherqul Shodmonov.