AGGLYUTINATSIYA
AGGLYUTINATSIYA (lotincha agglutinatio -yopishish) — tibbiyotda zarrachalar, bakteriyalar, qizil va oq qon tanachalari (eritrositlar va leykositlar) va boshqa hujayralarning agglyutininlar (qon zardobi) ta’sirida bir-biriga yopishib, g’uj-g’uj bo’lib cho’kib tushishi. Ular organizmning har xil kasalliklarida va immunitet hosil qilganda to’planadi. Masalan, tajriba hayvonlarini ich terlamaga qarshi emlab, unda olingan zardob (immun zardob) ich terlama mikroblari bor muhitga ta’sir ettirilsa, mikroblar harakat qilishdan to’xtaydi va g’uj-g’uj bo’lib cho’kib tushadi. Qon gruppasini aniqlash, ba’zi yuqumli kasalliklarni tekshirish uchun qilinadigan serologik reaktsiyalar Agglyutinatsiyaga asoslangan.
AGGLYUTINATSIYA (tilshunoslikda) — tillarda so’z o’zagi, negizga grammatik va derivatsiyaviy ma’noga ega affikslarni qo’shish yo’li bilan yangi so’z yoki grammatik shakl hosil bo’lishi. Affikslar bir ma’noli, ya’ni ularning har biri bitta grammatik ma’noni ifodalaydi va mazkur ma’noni anglatish uchun ayni shu affiks xizmat qiladi. Affikslar birin-ketin ulanib keladi va o’zak bilan ham, boshqa affiks bilan ham qorishib ketmaydi, ular chegarasi aniq bo’ladi. Unli tovushlar asosning tovush tarkibiga bog’liq holda fonetik o’zgarishga uchrashi mumkin, bundan tashqari undosh tovushlar ham morfemalar qo’shilganda o’zgarishga uchraydi, lekin bu o’zgarish muayyan til uchun xos bo’lgan sof fonetik qoidaga bo’yso’ngan bo’ladi. Bu holatni turkiy tillar, finugor tillarida kuzatish mumkin. Agglyutinatsiya morfologik tavsifga ko’ra agglyutinativ timarda yaqqol namoyon bo’ladi. Masalan, o’zbek tilidagi «yozuvchilarga» so’zida yoz — o’zak (yozmoq ma’nosiga ega), -uv so’z yasovchi qo’shimcha (harakat nomi ma’nosiga ega), -chi — so’z yasovchi qo’shimcha (shaxs oti ma’nosiga ega), -lar — ko’plik qo’shimchasiga — kelishik qo’shimchasi; keyingi ikki qo’shimcha so’z o’zgartiruvchi qo’shimchalar hisoblanadi.