AGLOMERASIYA, AHOLI PUNKTLARI AGLOMERATSIYASI

AGLOMERASIYA, AHOLI PUNKTLARI AGLOMERATSIYASI — aholi punktlari, asosan shaharlar, shuningdek qishloqlarning intensiv xo’jalik, mehnat va madaniy-maishiy hamda rekreatsion aloqalar bilan bog’lanib, yagona birlikni tashkil qilgan kompakt hududli guruhi. Aholining guruh bo’lib joylashishining eng rivojlangan shakllaridan biri. Shaharlarda (asosan yirik shaharlar atrofida) aholining to’planishi asosida vujudga kelgan va rivojlangan. Monosentrik Aholi punktlari aglomeratsiyasi va polisentrik Aholi punktlari aglomeratsiyasi bo’ladi. Aholi punktlari aglomeratsiyasi uchun aholi yashaydigan hududlarning yaqinligi, aholining mehnat qilish uchun shahar atrofidan shahar markaziga borishi xos. Urbanizasiya jarayonida Aholi punktlari aglomeratsiyasi dunyo bo’yicha ko’payib bormoqda. O’zbekistonda 2 yirik Aholi punktlari aglomeratsiyasi (Toshkent, Farg’ona-Marg’ilon) bor. Toshkent Aholi punktlari aglomeratsiyasida 60% shahar va 40% qishloq aholisi, Farg’ona-Marg’ilon Aholi punktlari aglomeratsiyasida 50% shahar aholisi va 50% qishloq aholisi yashaydi (1999).