AGRAR ISLOHOTLAR

AGRAR ISLOHOTLAR, qishloq xo’jaligidagi islohotlar — davlatning yerga mulkchilik munosabatlari va yerda xo’jalik yuritish usullarini o’zgartirishga qaratilgan chora-tadbirlari majmui. Dastlab Agrar islohotlar konsepsiyasi maqsad va vazifalari, yo’nalishi, uni o’tkazish bosqichlari aniqlab olinadi. Shunga asoslanib Agrar islohotlarni o’tkazishning aniq chora-tadbirlari belgilanadi va ularni davlat amalga oshiradi. Tarixda Agrar islohotlarning uch turini ko’rish mumkin. Birinchisi – an‘anaviy (natural, biqiq, qoloq) iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tishni ko’zlovchi Agrar islohotlar. Ular jumlasiga XIX-XX asrlarda Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi Agrar islohotlarni kiritish mumkin. Ikkinchisi – bozor xo’jaligidan totalitar-rejali tuzumga o’tishni ko’zlagan va proletariat diktaturasi yordamida amalga oshirilgan Agrar islohotlar. Uchinchisi – XX-asrning 90-yillar boshidan sobiq sotsialistik mamlakatlarda rejali iqtisodiyotdan qayta bozor munosabatlariga o’tishga qaratilgan Agrar islohotlar. Birinchi toifadagi islohotlar qishloq xo’jaligida tovar ishlab chiqarishni o’stirib, uni bozor iziga solishni mo’ljallaydi. Zamindorlar mulki bo’lgan yer uni ekadiganlarga – dehqonlarga haq to’lash sharti bilan yoki bepul beriladi, yerga dehqonlarning xususiy mulki o’rnatiladi. Dehqonlar tabaqalashib, ularning bir qismi boylarga aylansa, boshqa qismi yollanma ishchilarga aylanadi. Agrar islohotlar qishloq xo’jaligida mexanizatsiyani qo’llab, bu sohadan ish kuchini siqib chiqarishga olib keladi. Agrar islohotlar fermerlar sinfini shakllantirib, ularning mavqeini mustahkamlaydi. Ikkinchi toifadagi Agrar islohotlar sobiq SSSR, Mongoliya, Sharqiy Yevropa davlatlarida va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan. Bunday islohotlar natijasida yer to’la-to’kis yoki qisman xususiy mulkdorlar tasarrufidan chiqarilib, davlat mulkiga aylantiriladi, mustaqil dehqon xo’jaligi o’rniga davlat rejasiga binoan ishlovchi davlat xo’jaligi va jamoa xo’jaliklari barpo etiladi, ularni hukumat to’la nazorat qiladi. Bu islohotlar qishloqdagi erkin bozor munosabatlarini yo’qotadi, qishloq xo’jaligida stimullar so’na borganidan u inqirozga yuz o’giradi, oziq-ovqat taqchilligi doimiy tus oladi. Uchinchi turdagi Agrar islohotlar davlatlashtirilgan qishloq xo’jaligi egaligi qisman yoki to’la-to’kis bekor qilinadi, yerni ijaraga ishlatishga ruxsat beriladi, davlat va jamoa xo’jaligining mulki dehqonlar o’rtasida bepul, qisman bepul, yoxud haqini to’lash sharti bilan taqsimlanadi. Dehqon (fermer) xo’jaligi asosiy xo’jalik turiga aylantiriladi, bu xo’jalik bozor talabiga qarab va o’z manfaatini ko’zlab ish yuritadi.