AGROKIMYOVIY TAHLIL

AGROKIMYOVIY TAHLIL — laboratoriya sharoitida o’simlik, yem-xashak, tuproq, o’g’it, pestisid va boshqalarning kimyoviy tarkibini aniqlash. Agrokimyoviy tahlil agrofizik, mikrobiologik tadqiqotlar bilan birga tuproq unumdorligini oshirishga bog’liq bo’lgan masalalarni hal qilishga yordam beradi. O’g’itlarni qo’llash, almashlab ekish, tuproqqa ishlov berish, o’simliklarni sug’orish rejimi va boshqalarni o’rganish yuzasidan tadqiqotlar o’tkazilganda tuproq va o’simliklarni Agrokimyoviy tahlil qilish orqali ularda sodir bo’lgan sifat va miqdor o’zgarishlarini aniqlash mumkin. O’simliklar tahlili o’simlik bilan tuproq, o’simlik bilan o’g’it o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni o’rganish uchun zarur usuldir. O’simlikning vegetativ organlari va hosili tarkibidagi azot, fosfor, kaliy va boshqa oziq elementlarining miqdorini tahlil qilish tuproqdagi oziq moddalarning hosil bilan chiqib ketgan miqdorini aniqlashga yordam beradi. Tuproqdagi oziq moddalarning chiqib ketgan miqdori o’g’itlarning asoslangan me’yorlarini belgilashda juda muhim. Bundan tashqari, bu ma’lumotlar tuproqni tahlil qilish bilan birga tuproq — o’simlik tizimida oziq moddalar balansini hisoblashda ham zarur. Odatda ko’pincha o’simliklarda quyidagilar: azot, oqsil, aminokislotalar, fosfor, mineral va organik fosfatlarning umumiy miqdori hamda ularning eng muhim tuzlari, kaliy, kaltsiy, magniy, oltingugurt, temir, bor, marganes, mis, molibden, rux, kobalt, yod va boshqalar aniqlanadi. O’simliklar Agrokimyoviy tahlil o’simlik xom ashyosi (materiali) ni quruq hamda ho’l kuydirish orqali amalga oshiriladi. Quruq kuydirishda kul elementlarining umumiy miqdori aniqlanadi, kulni eritmaga o’tkazib, bir qator elementlarni aniqlash mumkin bo’ladi. Ho’l kuydirishda o’simlik xom ashyosini vodorod peroksid yoki perxlorat kislota — oksidlovchi hamda katalizatorlar (selen, rux kukuni va boshqalar) ishtirokida sulfat kislota bilan parchalash usuli eng ko’p qo’llaniladi. Bunday usulda bir yo’la o’simliklarning barcha oziq moddalari — azot, fosfor, kaliy va boshqalar miqdorini ham aniqlash mumkin. O’simlikdagi azotning umumiy miqdori Keldal yoki Keldal — Iodlbauer usuli bilan aniqlanadi. Bu usul o’simlik xom ashyosini kontsentrlangan sulfat kislota yoki sulfat kislotaning fenol bilan aralashmasi yordamida parchalab, keyinchalik haydash orqali azot birikmasini aniqlashga asoslangan. O’simlik quruq yoki ho’l kuydirilganda undagi fosfor kalorimetrik usul bilan aniqlanadi. Bunda fosfat ionlarining kaliy xlorid ishtirokida ammoniy molibdat bilan rangli (havo-rang) birikma hosil qilish xususiyatidan foydalaniladi. O’simlikdagi kaltsiy va magniy miqdori kalorimetrik usul bilan aniqlanadi. Bundan tashqari, o’simlik ho’l kuydirilgandan so’ng undagi kaltsiy, magniy, kaliy va natriy miqdorini alangali fotometriya usuli bilan oson hamda tez aniqlash mumkin. O’simliklar Agrokimyoviy tahlilida alangali fotometriya, spektrometriya va polyarografiya usullaridan keng foydalaniladi. O’simliklar tahlili ularning o’g’itlarga bo’lgan ehtiyojini aniqlashda tobora keng qo’llanilmoqda. Keyingi vaqtda yangi uzilgan o’simlik namunasi tarkibidagi mineral oziq moddalar miqdorini aniqlash keng tarqaldi. Dala sharoitida o’simlik sharbati tarkibidagi oziq elementlarining kimyoviy tahlili yoki uning kesmalarida kuzatiladigan mikroreaktsiya orqali o’simliklar oziqlanishini nazorat qilishning bir qator usullari ishlab chiqilgan. O’simliklarning azot bilan oziqlanishini aniqlashda Davtyan usuli, Magniskiyning soddalashtirilgan kimyoviy tahlil usuli, Tserlingning o’simliklar kesmalarida nitratlar, ammiak, fosfor va kaliyni aniqlash usuli va boshqalar shular jumlasidandir. O’g’itlar tahlili o’g’it tarkibida o’simlik o’zlashtira oladigan oziq elementi miqdori, oziq elementining umumiy miqdori, turli qo’shimchalarning mavjudligi, suv miqdori, o’g’itlar reaktsiyasi, o’g’itlarning fizik xususiyatlari va sochiluvchanligi hamda o’g’itlar donadorligi (granulasi)ning mustahkamligini aniqlashda qo’llaniladi. Azotli o’g’itlar tahlili ammiakni formalin biriktirib, organik birikma — geksametiltetramin hosil qilishiga va ajralib chiqqan kislotani titrlashga asoslangan. Ammiak va nitratli o’g’itlar suvli eritmasining tahlili xuddi o’simliklarda umumiy azot miqdorini aniqlagandek, ishqor yordamida haydash usuli bilan o’tkaziladi. Fosforli o’g’itlar tahlili tegishli erituvchi yordamida fosfat kislotani ajratib olib, R2O5 miqdorini aniqlashdan iborat. O’g’itlar tarkibiga qarab turli erituvchilar qo’llaniladi. Hosil qilingan eritmalarda P2OS ni ishqoriy muhitda magnezial eritma bilan magniy ammoniy fosfatning ikkilamchi tuzi holida cho’ktirib (Betxer — Vagner usuli) yoki ammoniy fosfat, molibden oksidi va suvdan iborat kompleksli tuzni molibdat ammoniy bilan cho’ktirib (Lorents usuli) aniqlash mumkin. Kaliyli o’g’itlar tahlili kaliyni eritmadan natriy kobaltnitrit hamda perxlorat kislota yoki geksaxloroplatinat kislota yordamida cho’ktirish usuli orqali amalga oshiriladi. Tanlab olingan tahlil usuliga ko’ra kaliy og’irlik yoki hajmiy usulda aniqlanadi. Tuproqning agrokimyoviy tavsifi uchun suvda eriydigan tuzlar tahlili, umumiy chirindi, yalpi azot, fosfor hamda azot, fosfor va kaliyning harakatchan birikmalari miqdori, almashinish sig’imi va undagi singdirilgan asoslar tarkibi kabi ma’lumotlar zarur bo’ladi. Ad.: Metodi agroximicheskix analizov pochv i rasteniy Sredney Azii, T., 1977. Ma’ruf Toshqo’ziev