AGROTEXNIK HIMOYA USULI

AGROTEXNIK HIMOYA USULI (o’simliklar himoyasida) — zararkunanda hasharotlar va kasalliklarning mavjudligi, yalpi ko’payishi va keng tarqalishiga tusqinlik qiluvchi sharoitlarni yaratishga qaratilgan agrotexnik chora-tadbirlar. Bu usulda zararkunandalarning qishlashi, yashab qolishi va rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratiladi. Agrotexnik himoya Usuli urug’lik va ko’chatlarni ekishga tayyorlash, tuproqni ishlash va ekish usullari, muddatlarini tanlash, o’g’itlarni qo’llash, ekin navlarini tanlash bo’yicha muayyan tadbirlarni qamraydi. Agrotexnika orqali ekologik sharoitni o’zgartirib, o’simliklarni hasharot va kasalliklardan himoya qilishga faol ta’sir ko’rsatish mumkin. Dehqonchilikda Agrotexnik himoya Usulining asosiy choralariga: almashlab ekish, o’simlik qoldiqlarini kuzda yig’ishtirib olish, yerlarni tekislash, kuzda chuqur haydash, yaxob berish, gizellash, g’o’za, makkajo’xori va boshqa o’simliklar qator oralariga ishlov berish, dala atrofidagi daraxtlarni parvarishlash, urug’lik beda maydonlarini kuzda qayta haydash, pichanga mo’ljallangan bedazorlarni erta bahorda borona qilish va boshqalar kiradi. Ekinning bir turini bir dalaning o’zida uzluksiz ekish zararkunandalarning yig’ilib qolishi hamda ularning keskin ko’payib ketishiga sabab bo’ladi. Ekinlarning almashib ekilishi zararkunandalarning me’yoriy yashash sharoitini buzadi, rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratadi. Qishloq xo’jalik ekinlarining chidamli navlarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi hasharot va kasalliklarga qarshi agrotexnik kurashning eng istiqbolli usullaridandir. Agrotexnik himoya Usuli o’simliklarni hasharot, kasallik va begona o’tlardan himoya qilish usulining tarkibiy qismidir. Sulton Alimuhamedov.