AHMEDOV YOQUB

AHMEDOV YOQUB (1938.3.1, Namangan) -O’zbekiston xalq artisti (1974). Toshkent san’at institutini tugatgan (1959). 1958 yildan Hamza teatrida. Dastlabki yillar yaratgan Ali Qushchi (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulug’bek»), Murod (Uyg’un, «Parvona»), Leyster (F. Shiller, «Mariya Styuart») kabi rollari bilan o’z ijod yo’lini belgilab oldi. Ahmedov ijodi ijtimoiy va g’oyaviy mazmunga to’la, ufqi keng, ko’p qirrali. Qahramon xattiharakatlarini to’g’ri gavdalantirish bilan birga uning ruhini, tafakkur kuchini, fikr va hissiyotlar to’lqinini, uning kayfiyatini, buyuk insoniy fazilatlarini ochishga intiladi. Eng yaxshi rollari: Hakimboyvachcha (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Sakson Nurtoyevich (O. Jahonova, «Hazrati ayol»), To’lagan (A. Ibrohimov, «Puch»), Kayxisrav (S. Sirojiddinov, «To’maris»), Alisher Navoiy (Uyg’un, I. Sulton, «Alisher Navoiy»), Ikromjon (S. Ahmad, «Ufq») va boshqalar. Kinoda: Furqat («Furqat»), Amir Olimxon («Qora konsulning halokati»), Shayx Ismoil («Olovli yo’llar»), Sultonali («Zulmatni tark etib…»), Ota («Ketma»), Azizbek, Yusufbek hoji («O’tgan kunlar») kabi rollari bilan tanildi. Shuningdek, bir qancha videofilmlarda ham turli xarakterdagi kishilar obrazini yaratdi: Muhiddin (O. Yoqubov, «Ulug’bek xazinasi»), Rasul Olloyorovich (O’. Usmonov, «Girdob»), Alisher Navoiy (Oybek, «Alisher Navoiy»), Sandro (N. Dumbadze, «Abadiyat qonuni») va boshqalar. Alisher Navoiy obrazini Ahmedov o’ziga xos talqin etdi. «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).