AKS SADO
AKS SADO — tovushning biror to’siqqa urilib undan qaytishi. Aks sado tovush chiqqan paytdan kamida 0,05— 0,06 sekund keyin kelsagina eshitiladi. Aks sado tabiatda tog’li, o’rmonzor yoki stadion singari joylarda ko’proq ro’y beradi. Radio Aks sado radiolokatsiyada, tovush Aks sado esa gidrolokasiya va ultratovush defektoskopiyada qo’llaniladi. Dengizlar chuqurligini aniqlash (exolot) va suv tagidagi jismlarning o’rnini belgilash Aks sadoga asoslangan. Aks sado ayrim hayvonlar, masalan, ko’rshapalaklar uchun o’z yo’nalishlarini aniqlash, to’siqlarni aylanib o’tish hamda o’ziga emak qidirib topishda muhim o’rin egallaydi.
AKS SADO (musiqada) — musiqali ibora yoki hamohang tovushlarning zaif kuch bilan takrorlanishiga (ayni yoki boshqa ovozlar, sozlarda) asoslangan badiiy uslub. Xor, opera, orkestr va boshqa musiqasida qo’llaniladi. O. Lassoning mashhur «Aks sado» («Exo») xor asari Aks sado uslubida yaratilgan. L. Betxoven, E. Grig, G. Maler va boshqa kompozitorlar ijodida ko’p uchraydi. O’zbekiston kompozitorlari asarlarida Aks sado ifodaviy vosita sifatida qo’llaniladi. Masalan, M. Burhonovning «Alisher Navoiyga qasida» jo’rsiz xorlari, M. Mahmudovning «Muxammas va ufor» va hokazolar. Organ cholg’usi registrlaridan biri ham «Aks sado» deb ataladi.