AKTINIYALAR

AKTINIYALAR (Actiniaria) — dengiz bo’shliqichlilari turkumi; marjonpoliplar sinfi olti nurlilar kenja sinfiga mansub. Ko’pchilik turlari yakka yashaydi. Tanasi tsilindr shaklida, yorqin rangli, kundalang kesimi bir necha millimetrdan 1,5 metrgacha, pastki yassi tomoni tovon deyiladi. Aktiniyalar muskulli tovoni yordamida sekin harakatlanishi mumkin. Ayrim turlari suv tubiga yopishib yoki qumga ko’milib olib harakatsiz yashaydi, suzib yuradigan turlari ham ma’lum. Tanasining yuqori uchida juda ko’p paypaslagichlar bilan o’ralgan og’zi joylashgan. Aktiniyalar yirtqich, mayda umurtqasizlar, hatto mayda baliqlar bilan oziqlanadi. O’ljasini otuvchi hujayralar bilan qurollangan paypaslagichlar yordamida falajlaydi yoki o’ldiradi. Otuvchi hujayralari zahari odam terisini ham kuydirib, og’riq paydo qilishi mumkin. Jinsiy va jinssiz — bo’yiga yoki ko’ndalangiga bo’linish orqali ko’payadi. 1500 ga yaqin turi Orol va Kaspiy dengizidan boshqa barcha dengizlarda tarqalgan. Ko’pchilik turlari Zohid qisqichbaqalar va b. umurtqasizlar bilan simbioz yashaydi.