AL-ISTIQSOT
AL-ISTIQSOT — o’rta asr yaqin va O’rta Sharq falsafasidagi tushuncha. Moddiy unsurlar — suv, yer, havo va olovni bildiradi. O’rta asr Sharq falsafasida, xususan, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Ibn Rushd, Umar Xayyom va boshqa ta’limotlarida barcha moddiy narsalar — materiya 6 guruhga bo’lingan: 1) osmon jismlari; 2) aqlli maxluqot; 3) aqlsiz maxluqot; 4) o’simliklar; 5) ma’danlar; 6) to’rt unsur, ya’ni havo, suv, yer, olov. To’rt unsur materiya turlarining eng sodda va boshlang’ichi bo’lib, moddiylikning asosini tashkil etadi. Moddiy narsalarning qolgan 5 guruhi esa boshlang’ich 4 unsurning turli xil qo’shiluvidan vujudga keladi. Jismlar o’zgarishi, bo’linishi, ajralishi, yo’q bo’lib ketishi, yangidan vujudga kelishi mumkin, lekin boshlang’ich 4 unsur yo’q bo’lmaydi. Bu ta’limot o’rta asr ma’naviy hayotida muhim rol o’ynagan.