ALEATORIKA

ALEATORIKA (lotincha alea — tasodifiylik) — 20-asr ikkinchi yarmida Yevropa kompozitorlik ijodida dodekafoniyaning qat’iy qonun-qoidalariga qarshi yuzaga kelgan oqim. Uning zamirida tasodifiylik (masalan, muayyan notalarni ishlatish bo’yicha «qur’a»ga tayanish, soqqachalar tashlash va boshqalar) dan ijodiy foydalanish yotadi. Aleatorika asarlarida kompozitorlar ba’zan ijrochilarning mahorat imkoniyatlariga ham unumli tayanishadi. Shu bois hozirgi kungacha mexanik (qatiy) Aleatorika, badihaviy Aleatorika va nazoratli Aleatorika turlari odat tusiga kirgan. Bularning birinchi va ikkinchisi P. Bulez (Frantsiya) va K. Shtokxauzen (Germaniya) tomonidan 1950-yillarning 2-yarmida, uchinchisi esa 60-yillar boshida V. Lyutoslavskiy (Polsha)larning izlanishlari natijasida joriy etilgan. O’zbekiston kompozitorlari (N. Zokirov, T. Qurbonov, F. Yanov-Yanovskiy va boshqalar) ijodida ham Aleatorika alomatlari uchraydi.