ALEKSANDRIYA (ISKANDARIYA) KUTUBXONASI

ALEKSANDRIYA (ISKANDARIYA) KUTUBXONASI — ellinizm davrida bunyodga kelgan mashhur kutubxonalardan biri. Aleksandriya kutubxonasiga miloddan avvalgi 3 — asrda Ptolemeylar sulolasi davrida yashagan atoqli olim va adiblar (Zenodot, Aristarx Samosskiy, Kallimax va boshqalar) asos solgan. Bu yerda yunon fani va adabiyotiga doir ko’plab qo’lyozma asarlari to’plangan. Bundan tashqari, Sharq tillaridagi kitoblar ham bo’lgan. Kutubxona qoshida kitob ko’chiruvchilar guruhi ishlagan, kutubxona katalogi tuzilib, u vaqt-vaqti bilan to’ldirib turilgan. Kutubxonada 700 ming jildga yaqin kitob saqlangan. Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasi uch asr davomida rivojlanib bordi. Miloddan avvalgi 48-47 yillar Aleksandriya urushi davrida kutubxona asosiy to’plamining bir qismi yong’inda kuyib ketdi. Misrni Rim imperiyasi bosib olgach, Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasi o’z mavqeini yo’qota bordi, qolgan qismi 7-8 — asrlarda tamomila tugatildi.