ALEKSIYA
ALEKSIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va lotincha lego — o’qiyman) — o’qiy olmaslik; bosh miya qobig’i oliy faoliyatining buzilishi alomatlaridan biri. Bosh miya po’stlog’ining qaysi qismi shikastlanganiga qarab Aleksiya turlicha bo’ladi. Masalan, bosh miya chap yarim shari chakka qismining tepa pushtadagi po’stlog’i zararlansa, bemor o’ziga notanish bo’lgan so’zlarni o’qiy olmaydi; chap yarim shar harakat maydonining pastki qismi zararlansa, bemor harflarni taniy olsada, ularni bir-biriga qo’shib o’qiy olmaydi; bosh miyaning ensa qismida o’zgarish yuz bergan bo’lsa, ko’rish markazi zaiflashishi va harflarni to’g’ri o’zlashtira olmaslik oqibatida bemor harflarni almashtirib yuboradi. Bunday hol literal Aleksiya., so’zlarni chalkash tanlash verbal Aleksiya deb ataladi.