ALLERGOLOGIYA

ALLERGOLOGIYA (allergiya va logos — fan) — tibbiyot fanining bir bo’limi; allergik kasalliklarning paydo bo’lishi sabablari, avj olish mexanizmi, belgilari, oddini olish va davolash usullarini o’rganadi. Allergologiya immunologiya bilan chambarchas boglangan, chunki allergiya immunologik mexanizmlar asosida kelib chiqadi. Allergologiyaning asosiy qismini klinik Allergologiya tashkil etadi. Allergologiyaning allergik reaktsiyalarni o’rganadigan — autoallergiya, immunopatologiya, shuningdek antitelolar keltirib chiqaradigan qon kasalliklarini o’rganadigan immunogematologiya bo’limlari bor. O’zbekistoning allergolog olimlari birinchi bo’lib Qoraqalpog’istonda hamda viloyatlarda bolalar va katta yoshdagilar o’rtasida allergik kasalliklar tarqalishining hududiy xususiyatlarini aniqladilar (T.B. Eshanov, L.Ya. Sgibova, N.G. Alaeva, M.D. Daljanov). O’zbekiston olimlari 15 hududiy cho’l changi, sanoat va hasharot allergenlarini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydilar va amalda qo’llashni tavsiya etdilar (M.M. Haqberdiyev, S.A. Zaxvatkina, N. V. Susina). Don va mo’m kuyasi hamda chivinlarning allergik kasalliklar tarqatishdagi roli aniqlanadi (I.R. Yo’ddoshev, O.I. Yusupova). Katta yoshli bemorlarda atopik bronxial astma va pollinozlarning klinik kechishi xususiyatlarini o’rganishda o’ziga xos tashhis usullari ishlab chiqildi (O.A. Nazarov, E.I. Salimov va boshqalar). O’zbekistonda ixtisoslashgan allergik yordam ko’rsatadigan Respublika Allergologiya markazi (1980 yildan), allergik kabinetlar va bo’limlar mavjud.