AMLOKDOR

AMLOKDOR (Arabcha, amlok, mulk so’zining ko’pligi, fors-tojik dor — ega) — Buxoro xonligidagi bekliklarga qarashli eng kichik ma’muriy bo’linma (amlokdorlik)ni boshqaruvchi amaldor. Amlokdor aholining o’ziga to’q vakillaridan bo’lib, bek tomonidan tayinlangan va bir necha katta va kichik qishloqlar uning ixtiyorida bo’lgan. U xiroj yig’ish, dehqonlar yetishtirgan hosilni hisobga olish, soliq to’lamaganlarni jazolash, jarima solish kabi ishlar bilan shug’ullanib, kotib (Mirzo), mirob, amin, oqsoqollar yordamida amlokdorlikni idora qilgan.