ANDIJON NEFT KONI
ANDIJON NEFT KONI — Farg’ona vodiysining Janubiy-sharqidagi konlardan biri. Andijon shahridan 14 kilometr Janubda. Birinchi qidiruv ishlari 1932 yildan boshlangan. 1935 yilda boshlangan burg’ulash natijasida 1937 yil 3-gorizontdan kuniga 35 tonna neft chiqa boshladi. Keyingi qidiruv ishlari natijasida 5-gorizontdan (1940), so’ngra 1-gorizontdan neft topildi. Andijon neft koni 1937 yilda foydalanishga topshirilgan. Andijon neft koni antiklinal burma bilan bog’liq bo’lib, bu burmaning uzunligi 23 kilometr, eni 6 kilometr. Burmaning shimoliy-g’arbiy qanotida qatlamlar og’ishi 10° dan oshmaydi, Janubi-Sharqining ba’zi joylarida 30-35° gacha yetadi. Burmaning markazida neogen yotqiziqlari yer yuzasiga chiqib qolgan. Ularning ostida umumiy qalinligi 3000 metrdan ortiq bo’lgan paleogen va bo’r yotqiziqlari joylashgan. Antiklinal burma ko’ndalang uzilmalar bo’yicha bloklarga bo’lingan. Bir necha mayda uzilma va surilmalar ham uchraydi. Sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan neft neogenning Baqtriya yotqiziqlaridagi 1-gorizontda va paleogenning 3-, 5-, 6-, 7-gorizontlarida uchraydi. 1-gorizont Baqtriya yarusining ostki qismida yotadi va qumtoshdan iborat. Uning kalinligi burmaning Janubiy qanotida 7-12 metr va shimol qanotida 40 metrga yetadi. 1-gorizont ostki massaget yarusining yotqiziqlariga nomuvofiq yotadi. Massaget yotqiziklari orasida g’ovak qumtosh qatlamlari bo’lib, bu qatlamlarda ham ba’zan neft uchraydi. 3-gorizont Sumsar yarusi gil qatlamlarining ustki qismida bo’lib, qumtoshdan iborat. Umumiy qalinligi 18-21 metr, neftli qismining kalinligi 10 metr. Bukilmaning eng yuqori qismida ozgina gaz uchraydi. Dastlabki vaqtlarda har qaysi quduqdan (burg’u kovagidan) bir kecha-kunduzda 14-70 tonna neft chiqqan. Neftning sof og’irligi 0,859. 5-gorizont Turkiston qatlamlarida bo’lib, qumli ohaktosh va ohakli qum-toshdan iborat. Umumiy qalinligi 14 metr, neftli qismining qalinligi 9 metr. Dastlabki vaqtlarda har bir quduqdan bir kecha-kunduzda 15-120 tonna neft chiqqan. 6-gorizont, asosan, angidrit va ostki qismi qumtoshdan iborat. Neft 6-gorizontda surilma ostidagi qanotda bo’lib, tarkibi 5-gorizont neftiga o’xshash. 7-gorizont olay yarusidagi dolomitli ohaktoshdan iborat bo’lib, neft oz. G’arbiy, Markaziy va Sharqiy bloklardagi neft deyarli butunlay olib bo’lingan. Gorizontning umumiy qalinligi 42 metr, neftli qismining qalinligi 20 metr. Dastlabki vaqtlarda har bir qudukdan bir kecha-kunduzda 40-90 tonna neft olingan.