ANGOR ECHKISI

ANGOR ECHKISI – echkining qimmatli serjun zoti. Angor echkisining vatani Turkmanistonning g’arbi. Turkmanlarning bir qismi 13-asrda bu yerdan kichik Osiyoga ko’chib borgan va natijada hozirgi Turkiyaning Angora (Anqara) viloyati Angor echkisini urchitish markaziga aylangan. Bu zotning Angor echkisi deb atalishi ham shundan kelib chiqqan. 19 — asrdan AQSh, Afrikadagi ayrim mamlakatlar, Avstraliyada boqiladi. Angor echkisining juni mayin, oq, tovlanuvchan, g’oyat egiluvchan va pishiq (uzunligi 18 — 25 santimetr). Taqalari o’rta hisobda 50 — 55 kilogramm keladi, yiliga 5 — 7 kilogramm jun beradi, urg’ochilari 32 — 36 kilogrammga boradi, 3,1 kilogramm jun beradi. 65 — 70% toza jun chiqadi. Har yuz bosh Angor echkisidan yiliga 105 uloq olinadi. Sog’in echkidan 70 — 100 kilogramm sut sog’ib olish mumkin, yog’lik darajasi 4,2 — 4,4%. O’zbekiston (Pop tumani)ga 1936 yilda AQShning Texas va Nyu-Meksika shtatlaridan keltirilgan Angor echkisini jaydari echkilar bilan chatishtirib serjun echki zoti yaratildi (1962). Angor echkisi O’zbekistonda, asosan Namangan, Andijon viloyatlarida boqiladi.