ANKILOSTOMIDLAR

ANKILOSTOMIDLAR (Ankylostomatidae) — strongilidlar turkumiga mansub to’garak chuvalchanglar oilasi. Uzunligi 21 millimetrgacha. Orqa tomoniga siljigan keng og’iz bo’shlig’ida joylashgan kutikula tishlari yordamida xo’jayinining ichagi devoriga yopishib oladi. Sut emizuvchi hayvonlar va odamda parazitlik qiladi. 70 ga yaqin turi ma’lum, ko’proq tropik va subtropik mintaqalarda uchraydi. Odamlarda o’n ikki barmoq ichak ankilostomasi (Ankylostoma duodenale) va Amerika nekatori (Necator americanus), yirtqich sut emizuvchilarda it ankilostomasi (Ankilostomidlar caninum) parazitlik qiladi. Ankilostomidlar tuxumlari axlat bilan nam joyga yoki suvga tushganida rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkasi odam va hayvon tanasiga teri orqali o’tadi yoki suv va oziq orqali ichakka tushadi. Ankilostomidlar tropik va subtropik iqlimli Janubiy hududlarda tarqalgan. Odamlarda o’tkir kamqonlik paydo qiladi, ba’zan o’limga olib keladi.