ANTISEPTIK VOSITALAR
ANTISEPTIK VOSITALAR (anti … va Yunoncha septikos — chirish) tibbiyotda — teri, gavda bo’shlio’lari, jarohat yuzasi va boshqa joylardagi kasallik qo’zg’atuvchi mikroblarga nisbatan kushandalik xususiyatiga ega moddalar. Ular odamga unchalik ta’sir qilmaydi, asosan dezinfektsiyalash, teri va shilliq pardalarga surtish, jarohatlar va gavda bo’shliqlarini chayish uchun ishlatiladi. Anstiseptik vositalarga galogenli (xlor, yod va boshqalar) birikmalar, xloramin, pantosid, Lyugol eritmasi; yodning spirtdagi eritmasi, yodoform va boshqa oksidlovchilar (kaliy permanganat, vodorod peroksid), simob (sulema, simobli mazlar) va kumush (lyapis, protargol va boshqalar) birikmalari, spirtlar, fenollar (karbol kislota va boshqalar), ba’zi bo’yoqlar (rivanol, metilen ko’ki, brilliant yashili va boshqalar) kiradi. Texnikada — yog’och materiallarni chirishdan asrash, ularning mustahkamligini kamaytiruvchi zamburug’lardan saqlash uchun ishlatiladigan moddalar. Anstiseptik vositalar moysimon, suvda eruvchan va erimaydigan xillarga bo’linadi. Yog’och buyumlar yoki materiallarga, ko’pincha, antiseptik suyuqliklar shimdiriladi yoki ularning sirtiga maxsus pastalar surtiladi. Masalan, bitum pastalari qurilishda keng tarqalgan. Bitum pastasi II yoki III markali neft bitumini 90 — 100° temperaturada eritib, unga neft moyi, natriy ftorid va torf yoki mineral kukunlari qo’shib olinadi. Qurilishda ammoniy ftorid, rux xlorid singari materiallar ko’p ishlatiladi. Suvda erimaydigan, ammo organik eritmalarda eritib ishlatiladigan Anstiseptik vositalarga pentaxlorfenol, betanaftollar va termoplastik materiallardan petrolatum kiradi. Anstiseptik vositalar temir yo’l shpallari, telegraf ustunlari, gidrotexnika inshootlaridagi yog’och qismlarga shimdiriladi.