ANTITOKSINLAR

ANTITOKSINLAR (anti … va Yunoncha toxikon — zahar) — 1) yuqumli kasallik davrida bemor organizmida hosil bo’ladigan immun moddalar. Antitoksinlar patogen mikroblar zaharini zararsizlantiradi. Antitoksinlar hayvonlar organizmida sun’iy yo’l bilan hosil qilinadi, buning uchun avval mikrob zaharidan anatoksin tayyorlab, keyin u, masalan, ot terisi ostiga bir necha marta yuboriladi. Natijada ot organizmida Antitoksinlar hosil bo’ladi. Bunday otning qon zardobi difteriya, botulizm, qoqshol va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi; 2) o’simliklar hosil qiladigan va fitopatogen mikroorganizmlar ajratadigan zaharli moddalar ta’sirini susaytirish va neytrallash qobiliyatiga ega kimyoviy moddalar. Masalan, g’o’zada Antitoksinlar xinonlar tipidagi fenolli birikmalarning fermentativ oksidlanishi, fitoaleksinlar va ularning xinonlari mahsuli bo’lib, o’simliklarda infektsiyaga javoban paydo bo’ladi. Bu moddalar ta’sirida masalan, vilt toksinlaridan biri pektintranseliminaza fermentining faolligi pasayadi. Antitoksinlar o’simliklarning kasalliklarga tabiiy chidamli bo’lishida muhim ahamiyatga ega.