ANTLAR

ANTLAR — slavyan qabilalari Ittifoqining 6 — 7-asr boshida Vizantiya va got tarixchilari asarlaridagi qadimgi nomi. «Ant» so’zi birinchi marta 3-asrga oid Kerch hujjatlarida tilga olinadi. Antlar Dnestr va Dnepr daryolari oralig’ida yashagan. 4 — 6-asrlarda Antlarda chorvachilik, dehqonchilik va hunarmandchilik (kulolchilik, zargarlik, to’qimachilik va temirchilik) ancha rivojlangan; hunarmandchilik mahsulotlari, asosan, ichki va tashqi savdo uchun tayyorlangan. Antlarning qadimgi madaniyati fanda «Chernyaxovskaya madaniyati» nomi bilan yuritiladi. Ijtimoiy tuzumi — harbiy demokratiya. Gotlar, Vizantiya va avarlarga qarshi urush olib borganlar. Antlar Rim imperiyasi bilan savdo-sotiq qilgan. Arxeologik qazilmalarda Rimda yasalgan kumush tangalar, shisha, metall va sopol idishlar hamda zeb-ziynatlar uchraydi.