ARABI POSHO AHMAD

ARABI POSHO AHMAD (1841 — 1911) — Misr xalqining 1879 — 82 yillardagi milliy ozodlik kurashi rahbarlaridan biri. Polkovnik (1879). 1881 yil sentabrda Qohira garnizoni qo’zg’oloniga boshchilik qildi; natijada Misr milliy hukumati tuzildi. Arabi Posho harbiy vazir lavozimini egalladi. 1882 yil iyul—sentabr oylarida Misrga bostirib kirgan inglizlarga qarshi urushda rahbarlik qildi. Urushda Misr mag’lubiyatga uchragach, Arabi Posho ingliz hokimiyati tomonidan o’lim jazosiga hukm qilindi, keyinchalik Tseylon oroliga surgun qilish bilan almashtirildi. 1901 yil Mayda afv etildi va Misrga qaytib keldi.