ARKTIKA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI

ARKTIKA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI — dunyo okeani zoogeografiya oblasti. Shimoliy Qutb doirasida joylashgan. Shim. muz okeanining Barents dengizi Janubiy-g’arbiy qismidan tashqari hamma dengizlarini, jumladan oq dengiz va Gudzon ko’rfazini o’z ichiga oladi. Chegarasi Shimoliy Amerikaning Sharqiy sohillari bo’ylab Nyufaundlendning Janubgacha davom etadi. Dengizlarining uncha chuqur bo’lmasligi va ularga juda ko’p daryolarning quyilishi sababli suvida tuzlar miqdori dunyo okeaniga nisbatan kam. Suvi sovuq bo’lganligi, qishda doim muz bilan qoplanganligi uchun hayvonot dunyosi xilma-xil emas, iliq dengizlarda keng tarqalgan ko’pchilik hayvonlar bu yerda uchramaydi yoki kam uchraydi. Suvning chuqurligi bo’ylab harorat deyarli bir xil bo’lganligi uchun hayvonot dunyosi ham har xil chuqurlikda kam o’zgaradi. Lekin qutb yozida suvning kecha va kunduz davomida yoritilib turishi tufayli Arktika suvlarida yozda fito — va zooplanktonning ayrim turlari juda tez ko’payib, katta biomassa hosil qilishi natijasida dengiz hayvonlarining ko’payishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bujihatdan Barents dengizi diqqatga sazovordir. Shimoliy Atlantikadan bu yerga yozda treska, piksha, olabo’g’a, seld, sayra kabi baliqlar ko’plab keladi, ular tral yordamida ovlanadi. Arktika zoogeografiya oblastining hayvonot dunyosi 3000 dan ortiq to’rni o’z ichiga oladi, shundan 17 turi sut emizuvchilar, 150 turi baliqlardan iborat. Sut emizuvchilardan oq ayiq, qutb, ya’ni Grenlandiya Kiti, beluxa va narval delfinlari, morj, Kokildor tyulen; qushlardan kayra, qutb krachkasi, chistik va Baliqchi qushlarning ayrim turlari; baliqlardan semga, yalangbaliq, Sharq treskasi, sayka va boshqalar. Arktika zoogeografiya oblasti uchun xos bo’lgan hayvonlar hisoblanadi. Gagarka, qutb oq baliqchisi, sayka, Sharq treskasi, ayrim losossimonlar (Omul, chir, Shopur) endemik turlardir. Arktika zoogeografiya oblasti hayvonot dunyosiga odam faoliyati nisbatan kam ta’sir ko’rsatgan. Arktika zoogeografiya oblastiga xos ko’pchilik hayvonlar soni kam bo’lgani uchun ularni qo’riqlash maqsadida bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi Arktika havzasidan foydalanadigan barcha davlatlar o’rtasida oq ayiq va Grenlandiya kitini muhofaza qilish to’g’risida bitim tuzilgan. Morj, Kokildor tyulen, oq Baliqchi va baliqlarning bir qancha turlari ham muhofaza qilinadi. Ad.: Kobishev N.M., Kubantsev B. S, Geografiya jivotnix s osnovami zoologii, M, 1988.