ARMANISTON

ARMANISTON, Armaniston Respublikasi (Xayastani Xanrapetutyun) — Zakavkazening Janubiy qismida joylashgan davlat. Shimolda Gruziya, Sharqda Ozarbayjon, Janubda Eron, g’arbda Turkiya bilan chegaradosh. 37 ta tuman, 27 ta shahar, 31 ta shaharcha bor. Maydoni 29,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,412 million kishi. Poytaxti — Yerevan shahri. Davlat tuzumi. Armaniston — demokratik respublika. Davlat boshligi — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy organi — Millat Majlisi (1995 yildan). Oliy ijroiya va farmoyish beruvchi organi — Vazirlar Kengashi. Tabiati. Armaniston — tog’li mamlakat, relyefi murakkab, past-baland. Hududining 90% ga yaqini dengiz sathidan 1000 metrdan baland. Yer yuzasining dengiz sathidan eng yuqori nuqtasi 4090 metr (Aragas tog’i), eng past nuqtasi 350 metr. Respublikaning shimol va shimoli-sharqida Kichik Kavkaz tizmasi, Janubda Armaniston yassitog’ligi bor. tog’ tizmalari oraligida Pambak va Shiroq vodiylari, Sevan havzasi, Armanistonning Janubi-g’arbida — tog’lar oralig’ida — Ararat tekisligi joylashgan. Armanistonda mis-molibden, mis kolchedani, polimetall rudalar, oltin, temir rudasi, nefelin bo’yoqlari, bentonit gillari, tosh tuz konlari bor. Binokorlik materiallari (marmar, dolomit, tuf, pemza, obsidion, perlit) zaxiralari anchagina. Respublika subtropik mintaqada joylashgan. Armaniston iqlimi xilma-xil. Tekislik va tog’ etaklarida iyulning o’rtacha temperaturasi 24°, 26°, yanvarniki — 5°, yillik yog’in miqdori 200 — 400 millimetr. Plato va tog’ yon bag’irlarida iyulning o’rtacha temperaturasi 18°, 20°, yanvarniki — 4°, yillik yog’in miqdori 500 millimetr. Janub- Sharq va shimol-Sharqda iqlimi quruq subtropik. Armanistonda eng yuqori temperatura 42° (Arake vodiysida), eng past temperatura — 46° (shimol- g’arbda). Qor qatlamining qalinligi 10 — 200 santimetr. Daryolarning ko’pi Arake daryosi irmoqlaridir, faqat Armaniston shimoldagi daryolar ko’ra daryo tizimiga kiradi. Armaniston daryolarida kema qatnay olmaydi. Daryolarning umumiy gidroenergiya zaxirasi 1700 ming kVt. Armanistonda yuzdan ortiq mayda ko’l bor. Eng kattasi — Sevan. Unda mashhur gulmohi (forel) balig’i ovlanadi. Mingga yaqin mineral buloq bor. Armanistonda xilma-xil tuproqlar uchraydi; respublika maydonining yarmiga yaqini qora tuproqli. tog’ etaklarida tikanli butalar, archa, tol, na’matak o’sadi. O’rmon va butazorlar Armaniston hududining 12% ni egallagan. Shimol-Sharqda Buk, Janubda dub va grab o’rmonlari mavjud. Armanistonda umurtqali hayvonlarning 450 turi bor. Shundan 70 turi sut emizuvchilar, 300 turi parrandalar, 40 turi sudralib yuruvchilar, 23 turi baliqlardir. Qo’riqxonalari: Dilijon, Xosrov va boshqalar. Sevan milliy bog’i bor. Aholisi. Armanistonning asosiy aholisi — armanlar (3 milliondan ortiq). Ruslar, kurdlar, gruzinlar, ukrainlar va boshqalar ham yashaydi. Aholining 69,5% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tili — arman tili. Dindorlar asosan xristian-monofisiylardir. Yirik shaharlari — Yerevan, Gyumri, Vanadzor. Tarixi. Arxeologik qazishlar natijasida hozirgi Armaniston yerlarida quyi paleolitning Shell va ashel davriga oid tosh qurollari topildi. Armaniston tog’ etaklarida to’rtlamchi davrning birinchi yarmida ibtidoiy odamlar yashagan. Armanistonda neolit yodgorliklari, qishloq xo’jaligi va chorvachilikning dastlabki rivojidan dalolat beruvchi eneolit madaniyati ham ochilgan. 1956 yil Sevan ko’lining suvi quritilib, arxeologik qazish ishlari o’tkazilganda miloddan avvalgi 2 minginchi yilga oid tarixiy yodgorliklar topildi. Urartu quldorlik davlati madaniyati (miloddan avvalgi 9-asr) temir davrining yodgorligidir. Arman xalqi qadimgi hay, arman, urart va boshqa qabilalarning birlashuvidan paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi 6-asrda arman qabilalari Urartu davlati yerlarini egallagan. Miloddan avvalgi 6-asr oxirlarida Armaniston Eron Axomaniylar davlati tarkibiga kirgan. Makedoniyalik Aleksandr Eron davlatini tor-mor keltirgach, Armaniston yerlari ham uning imperiyasiga qo’shildi. Miloddan avvalgi 4-asr oxirlarida kichik Armanistonda va Ararat vodiysida mustaqil arman podsholiklari ajralib chiqdi. Janubiy-g’arbiy Armaniston va Janub Armaniston tobe podsholiklar sifatida Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Taxminan miloddan avvalgi 220 yil Ararat podsholigi bilan Janubiy Armanistonning birlashuvidan Buyuk Armaniston tashkil topdi. Salavkiylarning Rimliklarga qarshi kurashdagi mag’lubiyati (miloddan avvalgi 190 yil)dan foydalanib, Buyuk Armaniston bilan Sofena mustaqillikka erishdi. Armaniston Tigran II Artashes (miloddan avvalgi 1-asr) davrida savdo va madaniyati rivojlangan yirik davlatga aylandi. Milodiy 1-asrdan Buyuk Armaniston Rim bilan Eron davlati o’rtasida kurash maydoni bo’lib qoldi va inqirozga yuz tuta boshladi. 3-asr boshlarida Armanistonda feodal munosabatlar yuzaga kela boshladi. Ayniqsa, 4 asrda xristian dinining qabul qilinishi natijasida arman cherkovi feodalizmning qudratli tashkilotlariga aylandi. 387 yilda Armaniston Eron sosoniylari va Vizantiya o’rtasida taqsimlandi. Armanistonning katta qismi Eronning vassaliga aylanib qoldi. 7-asrning 2-yarmida Armaniston Arab xalifaligiga bo’ysundi. Arman xalqi bosqinchilarga qarshi bir necha bor (450 — 451, 482 — 484, 571 — 572, 747 — 750, 772 — 775, 850 — 855 yillar) qo’zg’olon ko’tardi. Milliy madaniyatni saqlab qolish uchun olib borilgan kurash natijasida arman feodal adabiyoti va me’morligi rivojlandi. 393 yilda Mesrop Mashtos arman alifbosini yaratdi. Arablarga qarshi uzoqdavom etgan kurash jarayonida bagratiylar podsholigi tashkil topdi. Bagratiylar sulolasiga asos solgan Ashot I davri (886 — 891) da Arab xalifaligi va Vizantiya imperatori Armaniston mustaqilligini tan oldi. Ashot II (914 — 928) Sevan ko’li atrofida Arab qo’shinini mag’lubiyatga uchratdi (921) va o’zini Armaniston knyazlarining knyazi deb e’lon qildi. Ashot III (953 — 977) mamlakatni birlashtirish, markazlashgan hokimiyatni mustahkamlash siyosatini yurgizdi. Mamlakatda kattakatta inshootlar qurildi. Iqtisodiy va madaniy hayot yuksala boshladi. Dvin, Ani, Kare, Naxichevan hamda Van mamlakatning yirik madaniy shaharlariga aylandi. Lekin feodallarning bir-biriga qarshi urushi arman davlatini parchalab yubordi. Vizantiya imperiyasining bosqinchilik siyosati esa mamlakatni tushkunlikka uchratdi. Armanistonni 11-asrda Saljuqiylar, 13-asrda mo’g’ullar, 14-asrda Amir Temur bosib oldi. 16— 18-asrlarda Turkiya bilan Eron o’rtasida kurash maydoniga aylandi. 1555 yilda Turkiya bilan Eron o’rtasida tuzilgan bitimga asosan Turkiya G’arbiy Armanistonning katta qismini, Eron esa Sharqiy Armanistonni oldi. 1801 yildan Sharqiy Armaniston Eron zulmidan ozod qilina boshladi. 1828 yilgi Rus-Eron urushi natijasida Yerevan va Naxichevan xonliklari Rossiyaga qo’shildi. 1877 — 78 yillardagi rus-turk urushi natijasida Kare va G’arbiy Armanistonning ayrim hududlari Rossiyaga qo’shib olindi. 1917 yilda hokimiyat dashnoqlar qo’liga o’tdi. 1918 yil yozda Turkiya Brest sulhi shartnomasini buzib, Armanistonning katta qismini bosib oldi. 1918 yil noyabrda ularning o’rnini ingliz qo’shinlari egalladi. 1920 yilda sovet hokimiyati o’rnatildi va Armaniston SSR tuzildi. 1922 yildan Armaniston Zakavkaze federatsiyasiga, 1936 yildan bevosita SSSR tarkibiga kirdi. 1990 yil avgustda Armaniston Oliy Kengashi uni Armaniston Respublikasi deb atash to’g’risida qaror qabul qildi. 1991 yil 24 sentabrda Armaniston mustaqil deb e’lon qilindi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1995 yil 27 oktabrda o’rnatgan. Siyosiy partiyalari va jamoat tashkilotlari. Armanistonda 20 dan ortiq siyosiy partiya faoliyat ko’rsatmoqda. Bular: Armaniston umummilliy harakati, Liberal-demokratik partiya, Respublika partiyasi, Xristian-demokratik partiya, Milliykonservativ partiya, Milliy uyg’onish partiyasi, Milliy o’zligini anglash birlashmasi, konstitutsion huquq Ittifoqi, Milliy-demokratik ittifoq. Armaniston millatparvar partiyasi va boshqalar. Eng muhim jamoat tashkilotlari: kasaba uyushmalari konfederatsiyasi. Umumarman «Ayastan» jamg’armasi, Respublika xotin-qizlar kengashi va boshqalar. Xo’jaligi. Armaniston sanoatlashgan va ko’p tarmoqli qishloq xo’jaligi yaxshi rivojlangan mamlakat. Asosiy tarmoqlari: rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neft kimyosi, oziq-ovqat sanoati, binokorlik materiallari, sabzavotchilik, uzumchilik, mevachilik. Yalpi ichki mahsulot tizimida sanoatning ulushi 48,3%, qishloq xo’jaligining ulushi 25,7% ni tashkil etadi. Sanoatida aniq stanoklar, devorbop tuf materiallari, molibden kontsentrati, mis kuporosi, ko’chma elektr stansiyalar, markazdan qochirma nasoslar, soatlar, tozalangan mis, kaltsiy karbid, sirka kislotasi, sintetik kauchuk, avtopokrishkalar, temirchilik-press mashinalari, elektr motorlar, kompressorlar, gidronasoslar, liftlar, marmar, gilamlar, trikotaj, kiyim-kechak, poyabzal, meva konservalari, efir moyli mahsulotlar, vino-konyak ishlab chiqarish asosiy o’rin tutadi. Elektr energetika sohasida Razdan, Yerevan issiqlik elektr stansiyalari, 6 stansiyadan iborat Razdan kaskadi ishlab turibdi. Yiliga 9,5 milliard. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Asosiy sanoat markazlari: Yerevan, Gyumri, Charentsavan, Abovyan, Dilijon va boshqalar. Qishloq xo’jaligi. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar kam bo’lishiga qaramay, qishloq xo’jaligi ko’p tarmoqli. Sug’orma dehqonchilik katta ahamiyatga ega. Yirik kanallari: Artashat, Arzni-Shamiram va boshqalar. Meva va rezavor meva xrsili 156 ming tonna, uzum hosili 144 ming tonna. Ekinzorlari 437 ming gektar, shu jumladan g’allazorlar 32% (bug’doy, arpa), yem-xashak ekinzorlari 58%. Yalpi don hosili 0,2 million tonna. Kartoshka, sabzavot, tamaki, qand-lavlagi yetishtiriladi. Chorvachilik asosan sut-go’sht, jun yetishtirishga ixtisoslashgan. Transporti. Mamlakatning umumiy yuk aylanmasida 56% dan ko’prog’i temir yo’lga to’g’ri keladi. Temir yo’llar uzunligi — 640 kilometr. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari — 7,7 ming kilometr. Hammasi qattiq qoplamali. Avia yo’nalishlar Armanistonni MDH davlatlarining ko’pgina shaharlari bilan bog’laydi. Gaz quvuri tarmoqlari bor. Kurortlari: Arzni, Jermuk, Dilijon, Tsaxkadzor va boshqalar. Pul birligi — DRAM. Xalq maorifi, ilmiy va madaniyma’rifiy muassasalari. Armanistonda barcha turdagi maktablar, o’rta maxsus o’quv yurtlari keng tarmog’i mavjud. Armanistonda 65 o’rta maxsus o’quv yurti, 13 oliy o’quv yurti, jumladan Yerevan universiteti, Politexnika, Tibbiyot, Xalq xo’jaligi, Pedagogika va boshqa institutlar bor. Armaniston Fanlar Akademiyasi, o’nlab ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy laboratoriyalar, konstruktorlik byurolari ishlab turibdi. Armanistonda 1,3 ming ommaviy kutubxona, 14 teatr, mingdan ortiq klub muassasasi, 800 dan ko’proq kino qurilma, 37 muzey mavjud. Bir nechta gaz. va jur. nashr etiladi; kitob nashri yaxshi yo’lga qo’yilgan. 1926 yildan Yerevandan radio eshittirish, 1956 yildan teleko’rsatuv boshlangan. Adabiyoti. Arman xalq og’zaki ijodidan ko’pgina namunalar yetib kelgan. Bulardan eng mashhuri «Sosunlik Dovud» dostonidir. Unda armanlarning bosqinchilarga qarshi kurashi aks etgan. Arman yozma adabiyoti 5-asrda yuzaga kelgan, bungacha yaratilgan adabiy asarlar armanlarning xristianlik diniga o’tishi payti (4-asr) da yo’q bo’lib ketgan. Ma’rifatparvar olim Mesrop Mashtos yaratgan yozuv adabiyotning tez rivojlanishiga yo’l ochdi. 10-asrga kelib, iqtisodiy hayot jonlanishi tufayli adabiyot va san’atda insonparvarlik ruhidagi asarlar paydo bo’la boshladi. 10 — 13-asrlardagi shoirlar Nerses Shnorali, Mxitar gosh, Vardan Aygektsi ijodida uyg’onish davri g’oyalari seziladi. 14 — 18-asrlarda Ovanes Tupkurantsi, M. Nagash, G. Axtamarsi, N. Kuchak, N. Ovnatan, Sayat Nova kabi shoirlar dunyoviy adabiyot an’analarini davom ettirdilar. X. Abovyan yangi arman adabiyotiga asos soldi. 19-asr 60-yillaridan xalq hayotini aks ettiruvchi dramaturgiya rivojlana boshladi. G. Sundukyanning pesalari sahnalashtirildi. 18-asr oxiri va 20-asr boshlarida A. Paronyan, O. Tumanyan, A. Isaakyan, A. Akopyan, A. Shirvonzoda arman adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo’shdilar. 20-yillarda A. Vshtuni, G. Maari, V. Alazan, G. Saryan, S. Vauni kabi shoirlar keng omma orasida shuhrat qozondi. 30-yillarda arman adabiyoti E. Charents, A. Bakunts, M. Armen, V. Totovents, V. Norents, N. Zaryan, S. Tarontsi, D. Demirchyan va M. Janan kabi adiblarning asarlari bilan boyidi. 1932 yilda Armaniston Yozuvchilar uyushmasi tuzildi. 2-jahon urushidan keyin romanchilik rivojlandi, qator poetik asarlar yaratildi.G. Sevuntsning «Tehron», L. Guruntsning «Oltin tong», R. Kocharning «Katta uy bolalari», A. Sanyanning «Tashnalik» romanlari, I. A. Grashi, O. Sheroz, R. Ovanesyan, S. Kaputikyanlarning she’riy to’plamlari bosilib chiqdi. O’zbek yozuvchi va shoirlarining mashhur asarlari arman tilida nashr etilgan. Arman adabiyotining eng yaxshi namunalari ham o’zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Me’morligi. Armaniston hududida eng qadimgi me’moriy yodgorliklar neolit davriga mansub. Urartu davridan (miloddan avvalgi 9 — 6-asrlar) Teyshebaini va Yerebuni (Yerevan, miloddan avvalgi 782 yilda asos solingan), antik davrdan Artashat, Tigranakert shaharlarining qoldiqlari, Garni qal’asi (milodiy 1-asr) saqlanib qolgan. Ksenofont tasvirlagan toifadagi turar joy — Glxatun (rejada to’g’ri burchakli, zinali yog’och gumbazli uy) 20-asrgacha an’ana tarzida saqlanib keldi. Xristianlik qabul etilgach (301 yil), cherkovlar (Echmiadzindagi katta butxona, 5-asr), istehkom qasrlar, hashamatli saroylar (Zvartons, Aruch, Dvindagi) qurildi. Bu binolarning rejasi aniq, me’moriy shakllari ixcham, bezaklari nafis. Uzunchoq yoki tsilindr shaklidagi gumbazli binolar (Zoravar, Ripsimdagi ibodatxonalar, Echmiadzindagi Gayane, hammasi 7-asr) barpo etildi. 9 —12-asrlarda Armaniston me’morligi yuksak darajaga ko’tarildi. Shaharlarda mahobatli jamoat binolari va diniy inshootlar qurildi. Ani shahrida mustahkam mudofaa devorlari (989), Gagikashenda saroylar, ibodatxonalar (989-1010; me’mor Trdat), Axtamar orolida saroy va cherkov (915-921; me’mor Manuel) barpo etildi. 12-14 asrlarda jamoat me’morligi (mehmonxonalar, karvonsaroylar, ko’priklar) rivoj topdi. Qoya toshlar orasini o’yib hosil qilingan Gegard monastiri (Ayrivank) saqlanib qolgan. 14-asrda Armaniston me’morligida inqiroz boshlandi. Ammo bu davrda o’zga mamlakatlarga borib o’rnashib qolgan armanlar yashovchi joylarda arman ustalari ishtirokidagi qurilish rivojlandi (Feodosiya, Lvovdagi arman ibodatxonalari, Kamenes-Podolskiy, Luskdagi imoratlar va boshqalar). Hozirgi zamon Armaniston me’morligi an’anaviy milliy me’morlik, tabiiy va yangi ijtimoiy-maishiy sharoitlar asosida davom ettirilmoqda. Tasviriy san’ati. Armaniston tog’larida yashagan kabilalar va xalqlar ibtidoiy jamoa madaniyatining hamma bosqichlaridan o’tishgan. Neolit davriga mansub qoya toshlariga ishlangan suratlar saqlanib qolgan. 4 — 6 asrlarga oid tasviriy san’at namunalari ham uchraydi (naqshli xotira lavhalar, sag’analarga o’yilgan yozuvlar va boshqalar). Armaniston haykaltaroshligi me’morlik bilan birga rivojlandi. Axtamar qasri (10-asr) bezaklari, Tatev, Ani, Axtaldagi devoriy naqshlar bunga misol bo’la oladi. Miniatyura ham birmuncha rivojlandi. 18-asrdan rassomlik ravnaq topdi. 19-asrning 20-yillarida Armaniston Rossiyaga qo’shilishi tufayli rus san’atkorlarining ta’siri kuchaydi. Rassom Akop Ovnatanyan (1806 — 81) milliy rassomlikka asos soldi. 80-yillardan I. Ayvazovskiy, G. Bashinjagyan, E. Tatevosyan, V. Surenyans, A. Shamshinyan Armaniston san’atining rivojiga hissa qo’shdilar. 20-asrda iste’dodli rassom va haykaltaroshlar avlodi kamol topdi. M Saryan, S. Agajanyan, A. Kojoyan, A. Urartu, S. Arakelyan, E. Kochar, T. Chubaryan kabi san’atkorlar yetishib chiqdi. Musiqasi. Necha ming yillik an’analarga ega bo’lgan qadimgi arman musiqasi asosan bir ovozli bo’lsa ham, ammo ko’p ovozlilik elementlari uchrab turgan. O’tmish musiqiy madaniyatining atoqli namoyandalari Komitas (6-7-asrlar) va Nerses Shnorali (12-asr) diniy madhiyalar va sharakanlar yozishgan. 17-asr oxirlaridan ashug (baxshi) lar san’ati rivoj topdi (18-asrdagi mashhur baxshi — Sayat Nova). 19-asr 2-yarmida yangi kompozitorlik maktabi vujudga keldi. 1868 yilda T. Chuxajyan «Arshak II» nomli birinchi arman operasini yaratdi. Xalq taronalarini evropacha kompozitsiya vositalari bilan birga qo’shish orqali o’ziga xos milliy uslub shakllana bordi (kompozitorlar: X. Kara-Murza, M. Ekmalyan, N. Tigranyan, Komitas, A. Spendiarov, R. Melikyan, A. Tigranyan va boshqalar). Arman xalq cholg’u asboblari: puflab chalinadigan, kamonli, chertma, urma asboblardir. Chem-chem (yakka raqs), shchoror (duet), ver-ver, kochari (tuda raqs)lar keng tarqalgan. 19-asr boshlaridan yangi arman nota yozuvi (A. Limonjyan ixtirosi) boshlandi. 19-asrning oxirgi choragidan xor qo’shiqlari rivojlandi, xalq taronalari, qo’shiqlari qayta ishlandi. 20-asr boshlarida yangi musiqiy janrlar: simfoniya, balet, simfonik doston, kamer-cholg’u musiqasi, ommaviy qo’shiq, spektakl va kinofilmlarga musiqa yozish rivojlandi. A. Xachaturyan, K. Zakaryan, V. Talyan, A. Ayvazyan va boshqalar turli janrlarda ijod qildilar. Yerevanda opera va balet teatri (1933), musiqali komediya teatri (1942) barpo etildi. Armaniston filarmoniyasi tarkibida simfonik orkestr, torli kvartet, ashula va raqs dastasi, xor kapellasi, gusan ashula dastasi kabi ijodiy jamoalar bor. Davlat konservatoriyasi xamda san’at institutining musiqa va xalq musiqa ijodiyoti bo’limi malakali kadrlar tayyorlaydi. 1933 yilda Armaniston kompozitorlar uyushmasiga asos solingan Arman musiqasi O’zbekistonda keng yoyilgan. O’zbek davlat filarmoniyasining simfonik orkestri A. Babajanyanning «Qahramonlik balladasi»ni E. Mirzoyanning simfoniyasini, A. Doluxanyan, A. Arutyunyan va boshqalarning asarlarini ijro etgan. Alisher Navoiy nomidagi O’zbek Davlat akademik katta opera va balet teatri A. Xachaturyanning «Spartak» baletini sahnalashtirgan. Teatri. Arman teatr san’ati miloddan avvalgi 1-asrda vujudga kelgan (miloddan avvalgi 69 yilda Tigranakertda teatr binosi kurilgan). Arman va yunon mualliflarining asarlari sahnalashtirilgan. 4 — 11 asrlarda folklor-xor va qorishma janrlarda ishlovchi teatr mavjud bo’lgan. 12-asrda cherkov va maktab teatrlari paydo bo’ldi. 14-asrdan qadimgi arman teatri sekin-asta yo’qolib bordi. 18-asrda sayyor truppalar tashkil etildi. 17 — 18-asrlarda o’zga yurtlardagi (Moskva, Venesiya, Vena, Madras, Kalkutta va boshqa joylardagi) arman muhojirlari yangi arman teatrlarini yaratdilar. 19-asrda Armaniston teatr san’atida yuksalish davri boshlandi. Konstantinopol (1861), Tiflis (1863) va boshqa shaharlarda dastlabki arman doimiy professional teatrlari vujudga keldi. Milliy dramaturglardan M. Peshiktashyan, S. Ekimyan, M. Patkanyan, G. Sundukyan ijodida realistik yo’nalish qaror topdi. 20-asr boshlarida Yerevan drama teatri (1921; 1937 yildan Sundukyan nomidagi), Gyumrida A. Mravyan nomidagi teatr (1928), Yerevan yosh tomoshabinlar teatri (1929), Vanadzor teatri (1931), Nor-bayazet teatri (1935) tashkil topdi. Kinosi. Armanistonda dastlabki xronika kinolari 1907 yilda suratga olina boshlangan. 1923 yilda tashkil etilgan Armaniston «Davkino»si hozirgi Armaniston Bek-Nazarov nomidagi «Armenfilm» deb ataladi. Badiiy filmlar 1925 yildan chiqarila boshlagan. Ular orasida «Namus» (1925), «Xaspush» (1928) va birinchi tovushli film «Pepo» (1935, barchasining rejissyor A. Beknazarov), «Shaxsan ma’lum» (1958) va «Favqulodda topshiriq» (1965, ikkala film rejissyorlari — S. Kevorkov va E. Karamyan), «Salom, bu men!»(1966, rejissyor F. Davlatyan), «Quyosh ostidagi joy» (1976, rejissyor A. Babayan) va boshqalar. Mashhur arman aktyorlari — A. Jigarxanyan, G. Tonunts, M. Simonyan, M. Mkrtchyan. 1958 yilda Armaniston Kinematografchilari uyushmasi tuzilgan.