ARMANISTON TOG’LIGI

ARMANISTON TOG’LIGI — G’arbiy Osiyodagi uch tog’liqdan biri, asosan, butun Armaniston hududi va Gruziyaning Janubiy qismini, qisman Turkiya va Eronni ishg’ol etgan. Armaniston tog’ligi g’arbda kichik Osiyo tog’ligiga, Sharqda Eron tog’ligiga qo’shilib ketadi. Maydoni taxminan 400 ming kilometr kvadrat. Relyefi uchlamchi va to’rtlamchi davrlarning lava-tuf jinslaridan tuzilgan yassitog’liklar, vulkan konuslari va tektonik botiklardan iborat, bu botiqlarni burmali-palaxsali tizmalar ajratib turadi. Ko’pgina tizmalar bir qancha so’ngan vulkanlardan iborat. Eng yirik vulkanlari: katta Ararat (5165 metr), Sebelan (4821 metr), Syupxan (4434 metr). Xrom, mis, temir, toshko’mir, alunit va boshqa foydali qazilmalari bor. Tog’likdan Ko’ra, Arake, Furot daryolari boshlanadi. Mineral buloqlar mavjud. Ba’zi bir botiklar ko’llar bilan band (Van, Sevan va hokazo). Eng katta botiqlari: Ararat, Arzirum, Tabriz va b. Iqlimi subtropik, kontinental. Tog’larda yiliga 300 — 800 millimetr, botiqparda 150 — 300 millimetr yog’in yog’adi. Botiqlar quruq dasht va chala cho’llardan iborat, tog’yon bag’irlarining pastroq qismlarida keng bargli va igna bargli o’rmonlar hamda butazorlar bor.