AROMATIK BIRIKMALAR

AROMATIK BIRIKMALAR (Yunoncha aroma — xushbo’y, muattar) — molekulasi bir yoki bir necha benzol yadrolaridan tashkil topgan organik birikmalar va ularning hosilalari. Eng oddiy vakillari — benzol (S6N6) va uning hosilalaridir. Benzol yadrosidagi qo’shbog’larning oddiy bog’lar orqali bog’lanishidan hosil bo’lgan benzol halqalari tizimi tufayli Aromatik birikmalar aromatik xususiyat kasb etgan va shuning uchun ular alifatik birikmalar hamda alisiklik birikmalardan katta farq qiladi. Aromatik birikmalar elektrofil va nukleofil almashinish reaktsiyalari (galogenlash, nitrolash, sulfolash, alkillash, arillash va boshqalar) ga oson kirishadi. Masalan, nitrat kislota ta’sirida benzol nitrobenzolga aylanadi. Bir paytlar Aromatik birikmalar deyilganda faqat muattar tabiiy birikmalar (o’simliklardan olinadigan efir moylari, balzamlar, smolalar va boshqalar) tushunilardi. Bu birikmalarga «aromatik», ya’ni xushbo’y degan nom ham o’sha vaqtda berilgan. Hozir esa Aromatik birikmalar so’zi o’z ma’nosini yo’qotgan, chunki xushbo’y birikmalar har xil sinfga kiruvchi organik birikmalar orasida ham mavjud. Ko’pchilik Aromatik birikmalar qo’lansa yoki deyarli hidi yo’q. 19 — asr o’rtalaridan Aromatik birikmalar kimyosi juda tez rivojlana borib, ular texnika va laboratoriya ishlarida qo’llana boshladi. Aromatik birikmalar barqaror moddalardir. Ularni boshqa sinf birikmalaridan qat’iy sharoitlardagina hosil qilish mumkin. Masalan, benzolni 650° da atsetilendan faol ko’mir ishtirokida yoki tsiklogeksanni degidridlab olish mumkin. Aromatik birikmalar alifatik birikmalarni degidrosikllash, polimerlash yoki kondensatlash yo’li bilan olinadi. Bu reaktsiyalar aromatlash reaktsiyasi deyilib, ular o’simlik, hayvon organizmlari va mikroorganizmlarda ham ro’y beradi. Benzin ham sanoatda aromatlash reaktsiyasidan o’tkaziladi, natijada benzinning xususiyatlari yaxshilanadi. Toshko’mirni kokslab yoki neftni termik va katalitik krekingga uchratib ham Aromatik birikmalar hosil qilish mumkin.