ARRAKASHLAR

ARRAKASHLAR — o’troq qorinli pardaqanotlilar kenja turkumi bir necha oilalarining umumiy nomi. Urg’ochisi arraga o’xshash tuxum qo’ygichi yordamida o’simlik bargi, poyasi va organlariga tuxum qo’yadi. Lichinkalarining tuzilishi va hayot kechirish xususiyati turli oilalarda bir xil emas. Haqiqiy Arrakashlar (Jenthredinidae) lichinkasining 3 juft ko’krakoyoqlari bilan birga bir juft soxta qorinoyoqlari ham bo’ladi, boshqa Arrakashlar lichinkasining qorinoyoqlari rivojlanmagan, ko’krakoyoqlari kuchsiz rivojlangan. Lichinkasi o’simliklar ustida ochiq hayot kechiradi (Jenthredinidae oilasi) yoki o’rgimchak turiga o’xshash barglarni o’rab oladigan to’ri ichida yashaydi (tur to’quvchi Arrakashlar — Pamphiliidae). Shoxdor dumli (Siricidae) va poya Arrakashlar (Cephidae) poyada yashirin hayot kechiradi. Lichinkasi tuproqqa tushib g’umbakka aylanadi. Voyaga yetgan Arrakashlar gul nektari bilan oziqlanadi, lichinkasi o’simliklarga katta ziyon keltiradi. Arrakashlarda partenogenez ko’payish keng tarqalgan, bir yilda 4 tagacha partenogenez bo’g’ini rivojlanadi. O’zbekistonda qulupnay Arrakashlar (Allanthus cinctus) qulupnay, atirgul va mevali daraxtlarga; otquloq Arrakashlar (Ametastogia glabrata) o’tchil o’simliklarga; olcha Arrakashlar (Caliroa cerasi) mevali daraxtlarga; don Arrakashlar (Cephus pygmaeus) bug’doy, arpa va boshqa donli ekinlarga ziyon keltiradi. Kurash choralari yerga to’qilgan o’simlik qoldiqlarini yig’ib olib yo’qotish, yerni chuqur haydash va chopiq qilishdan iborat.