ARRATUMSHUQ BALIQLAR

ARRATUMSHUQ BALIQLAR (Pristidae) — skatlar turkumi oilasi. Uzunligi 6 metrgacha, og’irligi 2400 kilogrammgacha. Tanasi yassi, ko’krak suzgichlarining chetlari boshi bilan qo’shilib ketgan, jabra yoriqlari boshining ostki tomonida. Uzun tumshuqqa aylangan boshining yoni bo’ylab tishga o’xshash o’simtalari bo’lganligi uchun shunday nom berilgan. 7 turi ma’lum, tropik va subtropik dengizlarda, tropik chuchuk suvlarda tarqalgan, suv tubida hayot kechiradi, tirik tug’adi. Oddiy arratumshuq (Pristis pectinalis) keng tarqalgan. Atlantika, Tinch va Hind okeanlari dengizlarida, jumladan O’rta dengizning sohilga yaqin uncha chuqur bo’lmagan joylarida, Amerika daryolarida uchraydi. Avstraliya arratumshug’i (P. leichhardti) arrasi yordamida suv tubidagi loydan har xil umurtqasiz hayvonlarni kovlab olib yeydi, ba’zan mayda baliqlar bilan ham oziqlanadi. Odam uchun xavfli emas.