ARRIAN

ARRIAN (Arrianos) Flaviy (taxminan 95 — 175 yillar o’rtasi) — Rim tarixchisi va yozuvchisi. Kichik Osiyodagi Nikomediya shahrida tug’ilgan; yunon faylasufi Epiktet qo’lida o’qigan. Rimda yashab, harbiy ta’lim olgan. 131 — 137 yillarda Kappadokiya voliysi bo’lib, alanlar hujumini qaytargan. Arrian senator, elchi va kohin ham bo’lgan. Falsafa, tarix, geografiya, harbiy va boshqa masalalarga oid asarlar yozgan (ko’pi bizgacha saqlanmagan). Uning bizgacha yetib kelgan eng qimmatli asari Aleksandr (Iskandar Maqduniy) ga bag’ishlangan yetti kitobdan iborat «Iskandar yurishi» nomli kitobdir. Arrianning «Hindiston», «Nearxning harbiy yurishi», «Epiktet haqida esdaliklar» hamda Epiktet ta’limotiga bag’ishlangan «Qo’llanma» kabi asarlari ham saqlangan. Uning «Parfiya tarixi», «Alanlar tarixi», «Vifiniya tarixi» va «Aleksandrdan keyingi ishlar» nomli asarlaridan ham parchalar yetib kelgan. U O’rta Osiyo to’g’risida ham qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan.