ARSLONQULOV TOSHPO’LAT

ARSLONQULOV TOSHPO’LAT (1882 — Toshkent— 1962. 9. 5) — ganchkor usta. O’zbekiston xalq rassomi (1944). O’ymakorlikni otasidan o’rgangan. Arslonqulov choka pardoz usulida naqshlar o’yishda va bezaklarga handasiy «zanjira» shakllarini berishdagi mahorati bilan shuhrat qozongan. 1952 yildan P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida daryo bergan. Buxoro va Toshkent o’ymakor ustalari bilan birga Yevropa uslubida kurilgan Polovtsev uyi (hozirgi O’zbekiston amaliy san’at muzeyi binosi) ni milliy o’yma naqshlar bilan bezashda ishtirok etdi. Arslonqulov hozirgi A. Hidoyatov nomidagi teatr (1929), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Navoiy muzeyi (1939), Navoiy kutubxonasi binolarini, Navoiy teatri binosini (1946) bezashda qatnashdi. Navoiy teatrining tomosha zali, foye va boshqalardagi u ishlagan «Majnuntol», palak usulidagi bezaklar, rangbarang mujassamotlar binoning ichki ko’rinishiga alohida joziba baxsh etadi. U yaratgan go’zal naqshlar, sharafalar, har xil bezaklar turli ko’rgazmalarda namoyish qilindi. Ko’p asarlari O’zbekiston davlat san’at muzeyida, shuningdek Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlardagi muzeylarda saqlanmoqda.