ARTABOZ

ARTABOZ — axomaniylarning ba’zi sarkardalari ismi: 1) Kserksning sarkardasi. Kserksning miloddan avvalgi 480 yil Yunonistonga qilgan yurishida Plateya jangi (miloddan avvalgi 479 yil) paytida qo’shin qanotlaridan biriga qo’mondonlik qilib, jang tugamasdanoq tor-mor etilgan fors qo’shinlarining bir qismi bilan Kichik Osiyoga qochgan; 2) Eron floti qo’mondoni, miloddan avvalgi 450 — 449 yilda afinalik strateg kimonga qarshi kurashgan; 3) Artakserks II sarkardasi, so’ngra Doro III xizmatiga kirgan; miloddan avvalgi 330 yil Doro III o’ldirilgach, Aleksandr (Iskandar Maqduniy) davrida (328 yil) Baqtriya satrapi bo’lgan.