ARTAKSERKS

ARTAKSERKS — Axomaniylar sulolasidan bo’lgan Eron shohlari. Artakserks I Dasti uzun, miloddan avvalgi 465 — 424 yillarda hukmronlik qilgan. Otasi — Kserks I fitna natijasida o’ldirilgach, taxtga o’tirgan. Hukmronligining dastlabki yillarida Axomaniylar davlati bilan urush olib borayotgan Afinaning ko’magida ko’tarilgan Misrdagi qo’zg’olonni bostirgan, 454 yil esa forslar Nil deltasida Afina flotini yakson qilganlar. 449 yil Kipr orolidagi Salamin jangida afinaliklar g’alaba qozongach, yunon-fors urushlarini yakunlagan, Kalliy sulhini imzolagan. Bu sulhga ko’ra Artakserks I kichik Osiyodagi yunon shaharlarining siyosiy mustaqilligini tan olgan. Fors zodagonlarining separatik harakatlari (mas, miloddan avvalgi taxminan 449 yildagi Megabiz isyoni) va tobe xalqlarning qo’zg’olonlari kuchayishiga qaramay Artakserks I davrida Markaziy hokimiyat ancha kuchli bo’lib, Axomaniylar davlatining hududiy yaxlitligi asosan saqlanib qolgan edi. Artakserks II Mnemon, miloddan avvalgi 404 — 358 yillarda hukmronlik qilgan, Doro II ning katta o’g’li. Hukmronligining dastlabki yillarida kichik Osiyo hokimi, ukasi Kir bilan taxt uchun kurash olib borgan. Tashqi siyosat sohasida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan bo’lsada (394 yil Sparta flotining Knid yonida tor-mor keltirilishi, 386 yilgi Antalkid sulhi va boshqalar), Artakserks II podsholigi davri Axomaniylar davlatining zaiflashgan payti edi. Artakserks II ga qarshi satraplar, vassal shohlar, yarim qaram qabilalar (kadusiylar va boshqalar) bir necha bor qo’zg’olon ko’targanlar. Artakserks III Ox, miloddan avvalgi 358 — 338. yillarda hukmronlik qilgan, Artakserks II o’g’li. Akalarini o’ldirib taxtni egallagan. Axomaniylar davlatining hududiy birligini tiklash uchun qattiq harakat qilgan. Satraplarga yollanma qo’shinlar saqlashni man etgan. Qator qo’zg’olonlarni (kichik Osiyo, Finikiya, Kiprda) beshafqat bostirgan va 341 yil Misrni qayta qo’shib olgan (Misr miloddan avvalgi 5 — asr oxirida Axomaniylar davlatidan ajrab chiqqandi). O’zining mulozimi, maxrami Bagoy tomonidan o’ldirilgan.