ARTEZIAN SUVLARI

ARTEZIAN SUVLARI – bosim ta’sirida bo’lgan yer osti suvlarining bir turi, suv o’tkazmaydigan qatlamlar oralig’ida hosil bo’ladi, ular ochilganda suv burg’i quduqlardan fontan shaklida otilib chiqadi. Artezian suvlari Yevropada birinchi marta Frantsiyaning Artua (lotincha Artesium) provintsiyasida ochilgani uchun shu nomni olgan. Bunday quduqlar Xitoy va Misrda juda qadimdan ma’lum edi. O’rta Osiyoning sug’oriladigan zonasi Turon pasttekisligi artezian havzalari tizimiga kiradi, uning tarkibida Sirdaryo va Amudaryo guruhlariga bo’linadigan nisbatan kichik bir qancha havzalar bor. Har bir yirik artezian havzasining turli gorizontlaridagi suvlar turli xil kimyoviy tarkibga ega: o’ta minerallashgan xlorid tipli sho’r suvlardan to kam minerallashgan gidrokarbonat tipidagi suvlargacha uchraydi. Artezian suvlarining birinchi turdagi suvlari, odatda, havzaning juda chuqur qismlarida joylashgan bo’ladi, mineral va termal suvlar manbai hisoblanadi; ikkinchisi — yuqori gorizontlarda joylashgan bo’lib, yaylovlarni suv bilan ta’minlashda (masalan, Qizilqum yaylovlari, Qarshi cho’l va hokazolar), ichimlik suvi olishda, ekinlarni sug’orishda foydalaniladi.