ARXANGELSK

ARXANGELSK — shahar (1613 yilgacha Novoxolmogori), Rossiya Federatsiyasi Arxangelsk viloyati markazi. Arxangelsk Rossiyadagi eng yirik dengiz va daryo portlaridan biri. Aholisi 410 mingdan ziyod (1999). Yirik temir yo’l tuguni. Arxangelskning asosiy qismi shim. Dvina daryosining sohillarida va deltasidagi orollarda joylashgan. Arxangelsk 1584 yilda bunyod etilgan, 1613 yildan Arxangelsk deb atalgan. 1898 yilda Arxangelsk bilan Moskva orasida temir yo’l qurilgan. Arxangelsk o’rmon sanoati bo’yicha va yog’och-taxta eksport qilishda Rossiyada eng yirik shahar, unda o’nlab taxta tilish, tsellyuloza-qog’oz kombinatlari, gidroliz kukuni zavodi bor. Kemasozlik va kema tuzatish sanoati rivojlangan. Mexanika zavodi, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati korxonalari va boshqalar mavjud. Arxangelskda 3 oliy o’quv yurti, 3 teatr, 2 muzey bor.