ARXAR

ARXAR, alqor, tog’ qo’yi (Ovis)— juft tuyoqlilar turkumiga mansub yovvoyi qo’ylarning umumiy nomi. Ba’zan muflon, arkal, arqor, urial deb ham ataladi. Arxar O’rta dengiz orollari, Old, O’rta, Markaziy va shimoliy-Sharqiy Osiyoning tog’liq hududlarida tarqalgan. U tog’yon bag’irlari va qoyalar orasidagi birmuncha tekis va ochiq joylarda yashaydi. Erkaklari urg’ochilariga nisbatan yirik (tanasi uzunligi 110— 120 santimetr, bo’yi 65 — 125 santimetr, vazni 230 kilogrammgacha), shoxi spiralsimon yoki halqasimon buralgan, uzun (70 — 190 santimetr), urg’ochilarining shoxi ingichka yoki butunlay bo’lmaydi. Uchta turi: Tyanshan qo’yi (o. ammon karelini), Yevropa qo’yi (O. musimon), Osiyo qo’yi (o. orientalis) va 10 ga yaqin kenja turi ma’lum. O’rta Osiyo, shu jumladan O’zbekistonda Tyanshan qo’yi va Osiyo qo’yi uchraydi. Tyanshan qo’yi yaqin vaqtlargacha Tyanshanning Farg’ona tog’larigacha bo’lgan qismida, shu jumladan Ugom, Pskom, Chatqol, Talas va qirg’iz tog’larida keng tarqalgan edi. Hozir asosan Chatqol qo’riqxonasida saqlanib qolgan, daryolarning yuqori oqimida 2000 — 3000 metr balandlikda uchraydi, tik qoyalar yaqinidagi relefi notekis bo’lgan joylarni yaxshi ko’radi. Bahorga yaqin tog’ning pastroq qismiga ekin ekilgan dalalarga tushib o’tlashi mumkin. Qo’chqorining shoxlari spiralsimon buralgan (uzunligi 120 santimetrgacha), vazni 60 — 106 kilogramm (ba’zan 200 kilogrammgacha), uzunligi 170 — 190 santimetr; urg’ochisining shoxlari ingichka va kalta, vazni 50 — 54 kilogramm, uzunligi 160 — 170 santimetr. Osiyo qo’yi Tyanshan, Pomir, Himolay tog’larining O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Afg’oniston va Pokiston hududlarida tarqalgan. O’zbekistonda bu to’rning Qizilqum qo’yi, Seversov qo’yi (O. orientalis severtzovi) Markaziy va G’arbiy Qizilqumning Amudaryo va Sirdaryo oralig’idagi past tog’larida hamda Pomir-olayning Nurota, Oqtov, Molguzar tog’larida saqlanib qolgan. Qo’chqorining uzunligi130 santimetr, bo’yi 80 santimetr, vazni 70 -125 kilogramm, erkagining shoxi halqa shaklida buralgan (uzunligi 98 — 107 santimetr), urg’ochisiniki ingichka, kalta, qilichsimon egilgan. Bo’ynining ostki tomonidagi yoli Tyanshan qo’yinikiga nisbatan birmuncha kalta va ensiz. O’zbekiston hududida bu kenja tur Qizilqumning hamma past tog’larida tarqalgan edi. Chorva mollarining ko’payishi va ovlanish natijasida uning areali keskin qisqarib, hozir Nurotaning g’arbiy qismida va Markaziy Qizilqumda saqlanib qolgan. Qizilqum qo’yini muhofaza qilish uchun Nurota tog’larining Markaziy qismida 1972 yil qo’riqxona tashkil etilgan. Hozir qo’ylarning umumiy soni 1000 taga yetdi. Buxoro qo’yi, tojik qo’yi (o. orientalis bocharensis) O’zbekistonning Turkmaniston va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarida, qo’shni Afg’oniston va Pokistonda tarqalgan. Qo’chqori bo’ynining ostki qismida qalin va uzun yoli bo’ladi, shoxlari yirik, halqa shaklida buralgan (uzunligi 72 santimetrgacha), urg’ochisi kichikroq, shoxlari kalta va bir oz qayrilgan. Buxoro qo’yining vazni Qizilqum qo’yidan kamroq bo’ladi. O’zbekistonda Buxoro qo’yining ikkita: Bobotog’ va Boysun-Ko’hitang populyatsiyalari mavjud. Qo’ylar 300 — 400 metrdan 2200, ba’zan 3000 metrgacha balandlikda archa o’sadigan ochiq tog’yon bag’irlarida yashaydi. Buxoro qo’yini muhofaza qilish uchun Surxon qo’riqxonasi tashkil etilgan. Ustyurt qo’yi, arkal (o. orientalis arcal) Manqishloq yarim oroli, Kaspiy dengizining jarlik sohillari, Qorabo’g’oz ko’l, Qoraqumning past tog’lari va o’ngirliklari hamda Orol dengizining g’arbiy qismida tarqalgan. O’zbekistonda Qoraqalpog’iston hududining Ustyurt qismida uchraydi. Ko’chqorining vazni 58 — 79 kilogramm, tanasining uzunligi 121 — 147 santimetr, bo’yi 77 — 98 santimetr; shoxlarining uzunligi 92 santimetrgacha, boshining ikki yonida chala o’rama hosil qiladi. Urg’ochisi erkagiga nisbatan kichikroq, vazni 36 — 56 kilogramm, shoxlari ingichka va nisbatan kalta (uzunligi 25 — 30 santimetr). Erkagining bo’yni ostida qalin yoli bo’ladi, tumshug’i ostida qalin yungi (soqoli) bo’lishi bilan boshqa kenja turlardan farq qiladi. Ustyurt qo’yi cho’l sharoitiga moslashgan, Qoraqum tog’larining odam va yirtqich hayvonlar o’tolmaydigan tik qiyaliklari va jarliklari ustida yashaydi. Yozda kechasi o’tlaydi, sho’rlangan buloq suvi bilan qanoatlanadi, qishda va bahorda ko’pincha kunduzi o’tlab, ko’lmak bo’lib qolgan yomg’ir suvidan ichadi. Manqishloq va Ustyurtning o’zlashtirilishi, brakonerlik tufayli Ustyurt qo’yining soni keskin kamayib ketgan, hozir bir necha yuz qo’y Qoraqalpog’iston hududida saqlanib qolgan. Ustyurt qo’yini ovlash man qilingan. Arxarlar poda bo’lib yashaydi. Bo’g’ozlik davri 5 oyga yaqin. May — iyunda bitta, ba’zan ikkita bola tug’adi. Qo’zisi 2,5 — 3 yoshda voyaga yetadi. Arxar xonaki qo’ylarning avlod boshi hisoblanadi. Arxarni merinos qo’ylari bilan duragaylab mayin junli Qozog’iston arxar merinosi chiqarilgan. O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Ad.: Bogdanov O. P., Redkie jivotnie Uzbekistana, T., 1990. Ochil Mavlonov, Muboshir Musayev.