ASALARI GULCHANGI
ASALARI GULCHANGI — asalarilar gullardan yig’gan va mumkataklarga zichlagan, ustidan asal quyilgan gul changlari. Katakdagi gulchangning asal shimilgan yuqori qavati havoni o’tkazmaydi. Anaerob sharoitlarda fermentlar, bakteriyalar, achitqi zamburug’lar ta’sirida katakda sut kislotasi miqdori ortib boradi va gulchanglar aralashmasi asal ishtirokida Asalari gulchangi (Perga) ga aylanadi. Asalari gulchangi tarkibida 13 — 60% oqsillar, 25 — 70% qand, yog’lar, mineral tuzlar, vitaminlar, fermentlar, gormonlar bor. Asalari gulchangi asalarilar uchun qimmatli oqsiluglevodli ozuqa hisoblanadi. Asalarilar, ayniqsa, bahor paytida oilani o’stirish davrida gulchangni ko’p sarflaydilar. Uning bahorda taqchilligi asalari oilalarining ko’payishini to’xtatib qo’yadi. Bir yilda bir asalari oilasi 20 — 30 kilogramm gulchang iste’mol qiladi. Asalari gullaridan olingan Asalari gulchangi tibbiyotda yurak, oshqozon-ichak, buyrak, jigar va kamqonlik kasalliklarini davolashda ishlatiladi.