ASALARISIMONLAR
ASALARISIMONLAR (Apidae) -nashtarli pardaqanotlilar turkumining bitta oilasi (ayrim adabiyotlarda katta oilasi), 20 mingdan ortiqto’rni o’z ichiga oladi. Ko’pchilik Asalarisimonlar yopiq urug’lilar gulidan nektar va gulchangi yigadi; tanasi gulchangini yig’ishga moslashgan qalin tuklar bilan qoplangan; orqa oyog’i panjasining birinchi bo’g’imi kengayib gul changini to’plovchi chuqurcha-savatchani hosil qiladi. Og’iz apparati pastki jag’lar va pastki labning o’zgarishidan hosil bo’lgan xartumdan iborat, lekin kemiruvchi og’iz apparati tuzilishiga xos belgilar — yuqori lab va yuqori jag’larning saqlanib qolganligi tufayli kemiruvchi-so’ruvchi og’iz apparati deb ataladi. Deyarli barcha Asalarisimonlarning nashtari bo’ladi. Ayrim Asalarisimonlar (masalan, asalarilar, paxmoq arilar, galiktlar, qizil arilar, sariq arilar, barg kemiruvchilar) odamni chaqib olganida kuchli og’riq paydo qiladi. Ko’pchilik Asalarisimonlarning nashtari odam terisini teshib o’ta olmaydi. Asalarisimonlar hayot kechirishiga ko’ra yakka yashovchilar, parazitlar va jamoa bo’lib yashovchilarga bo’linadi. Yakka yashovchi Asalarisimonlar mustaqil in quradi, tuxumdan chiqqan qurtini gul nektari va gul changi aralashmasidan iborat oziq bilan boqadi (kolletlar, andrenalar, galiktlar, melittalar, osmiyalar). Ayrim yakka yashovchi Asalarisimonlar tuproqqa, loy devorlarga, jarliklarga uya quradi, ba’zan yirik koloniya hosil qiladi (antoforalar). Mayda Asalarisimonlar — tseratinlar (Ceratina urug’i) butalar shoxiga, malina va maymunjonga o’xshash yumshoq o’zakli o’simliklarning qurigan shoxlariga uya quradi. Yirik arrakash ari (Xylocopa) qurigan yog’ochlar (to’nka, taxta) ga in quradi. Parazit Asalarisimonlar (Anthophora) ning urg’ochisi o’z tuxumlarini boshqa arilar (andrenalar, kollektlar, galiktlar) uyasiga qo’yadi. Jamoa bo’lib yashovchi Asalarisimonlar tuzilishi va bajaradigan vazifalariga binoan bir-biridan farq qiladigan individlardan tashkil topadigan oilani hosil qiladi (tukli arilar, asalarilar, kakku arilar). Tukli arilar va asalarilar oilasi bitta yirik ona ari, juda ko’p voyaga yetmagan ishchi arilar, bir necha erkak arilardan iborat. Kakku arilar paxmoq arilar uyasiga kirib olib, onalarini o’ldiradi va uning katakchalariga o’z tuxumini qo’yadi. Asalarisimonlarning hayoti yopiq urug’lilar hayoti bilan chambarchas bog’liq. Evolyutsiya davomida o’simliklar bilan Asalarisimonlar bir-biriga katta ta’sir ko’rsatgan. Arilarda gulni changlatib, gul changi va nektarini yigishga imkon beradigan moslashuv belgilari paydo bo’lgan. O’simliklarda esa changlatuvchi hasharotlarni jalb kiladigan belgilar (nektar ishlab chiqaruvchi bezlar, gul rangi, hidi) rivojlangan. Asalarisimonlar gullarni changlatib, o’simliklarning hosildorligini oshirishga yordam beradi.