ASALSHIRALI O’SIMLIKLAR
ASALSHIRALI O’SIMLIKLAR, nektarli o’simliklar — asalari nektar va gulchangi yig’ib oladigan yopiq urug’li o’simliklar, asalarilarning asosiy oziq bazasi. Nektarni gultoji yoki gulkosa barglar, tuguncha devori yoki gul o’rnida joylashgan maxsus nektar bezlari ishlab chiqaradi. Ayrim o’simliklarda bunday bezlar barg bandi yoki gulyon barglarida, hatto poyada ham joylashgan. Nektar miqdori o’simlik turiga bog’liq. Masalan, bitta gul ishlab chiqaradigan nektar miqdori Coryanthe turkumiga mansub tropik o’simlik — arxideyada 30 grammgacha, jo’kada — 0,15 — 7,46 milligramm, kash-karbedada — 0,16 milligrammga teng. Asalshirali o’simliklar gulidan yig’ilgan nektar va gul changini asalarilar va asalarisimonlar oilasiga mansub boshqa hasharotlar asalga va pergaga aylantiradi. Ayrim o’simliklar nektar bilan birga qatronga o’xshash modda ham ajratadi. Arilar bu moddadan propolis (asalari yelimi) ishlab chiqaradi. Asalshirali o’simliklarning nektar ishlab chiqarish xususiyati evolyutsiya davomida kelib chiqqan bo’lib, o’simliklarning hasharotlar orqali chetdan changlanishga moslashuvidan iborat. Chetdan changlangan o’simliklar ko’p hosil beradi va ancha sifatli urug’ qoldiradi. Ko’pchilik qishloq xo’jalik ekinlari, masalan, oziq-ovqat va yem-xashak ekinlaridan grechixa, esparset, sebarga, beda, qashqarbeda, vika va boshqalar; moyli va efir moyli o’simliklar — kungaboqar, raps, anis, koriandr, yalpiz; tolali ekinlar — g’o’za, kanop; turli xil mevali daraxtlar, poliz va sabzavot ekinlari, tsitrus o’simliklari, uzum va boshqa ko’p nektar hosil qiladi. Nektar ishlab chiqarish va hasharotlarning nektar yig’ishi Asalshirali o’simliklarning gullagan vaqtiga to’g’ri keladi. Nektar ishlab chiqarishning boshlanishi va uning miqdori iqlim, tuproq va ob-havo sharoitiga bog’liq. O’zbekiston sharoitida Asalshirali o’simliklarning yuzlab turi o’sadi, ular orasida ko’p miqdorda nektar ajratib amaliy ahamiyatga ega bo’lganlari bir necha o’n turdan iborat. Asalshirali o’simliklar botanik yoki xo’jalik belgilariga, gullash muddati (masalan, bahorgi, yozgi, kuzgi) va o’sadigan joyi yoki boshqa belgilariga qarab tasnif qilinadi. 1 gektar maydonda hosil qiladigan nektar miqdori bo’yicha quyidagi o’simliklar amaliy ahamiyatga ega: jo’ka va dala zarangi — 1000 kilogramm, ingichka bargli zarang — 200 kilogrammgacha, tol — 150 kilogrammgacha, sariq akatsiya — 350 kilogrammga yaqin, mevali daraxtlar (olma, nok, olxo’ri, olcha, gilos) — 20 — 30 kilogramm, rezavor mevalardan smorodina — 60 kilogramm malina — 200 kilogramm, o’tlardan grechixa — 60 — 90 kilogramm, moyli ekinlardan kungaboqar — 30 — 40 kg; tolali ekinlardan g’o’za — 30 — 40 kg, em-xashak ekinlaridan esparset — 90 — 400 kg, qashqarbeda — 300 kg, sebarga — 100 — 150 kg, beda — 100 kg nektar ishlab chiqaradi. Har xil muddatda gullaydigan o’simliklarni o’stirish orqali bir joyning o’zida surun-kasiga bir necha oy yoki mavsum davomida asal yig’ish mumkin. O’zbekiston sharoitida erta bahordan kech kuzgacha asal yig’ish uchun asalarilar bahorda efimer o’simliklar o’sadigan dashtga, bahorning oxiri va yoz oylarida tog’oddi va tog’zonalari hamda ekinzorlarga ko’chiriladi.