ASBOBSOZLIK PO’LATI

ASBOBSOZLIK PO’LATI — turli asboblar, keskichlar, sovuqlayin va qizdirib deformatsiyalash shtamplari, o’lchash asboblari va boshqa yasash uchun ishlatiladigan po’lat. Tarkibida, odatda, 0,6 dan 1,4% gacha uglerod bo’ladi. Asbobsozlik po’lati uglerodli, legirlangan va tezkesar (ko’p legirlangan) xillarga bo’linadi. Uglerodli va legirlangan Asbobsozlik po’lati kichik tezlik bilan ishlaydigan va kesuvchi qirrasi 200 — 300° gacha qiziydigan kesuvchi asboblar, o’lchov asboblari hamda shtamplari tayyorlash uchun, tezkesar Asbobsozlik po’lati esa katta tezlik bilan ishlaydigan va kesuvchi qirrasi 560 — 600° gacha qiziydigan kesuvchi asboblar tayyorlash uchun mo’ljallangan. Uglerodli Asbobsozlik po’lati «U» harfi va undan keyin qo’yiladigan raqam bilan belgilanadi. «U» harfi Asbobsozlik po’latining uglerodli po’lat ekanligini, raqam esa po’lat tarkibidagi uglerod foizining o’ndan bir ulushlarida ifodalangan o’rtacha miqdorini ko’rsatadi. Masalan, U8 markali po’lat uglerodli Asbobsozlik po’lati tarkibida o’rtacha 0,8% uglerod borligini bildiradi. Uglerodli Asbobsozlik po’latining U7, U8, U9, U10, U11, U12, U13 markalari bor. Tarkibida zararli qo’shilmalar 0,03% dan kam «S» va 0,04 foizdan kam «R» uglerodli Asbobsozlik po’latining markasi oxiriga «A» harfi qo’yiladi, masalan, U7A, U8A, U9A va hokazolar. Legirlangan Asbobsozlik po’lati ko’p tarqalgan X, 9XS, XG, XVG, XV5, X12, FG, 7X3, 4XS, 4X2V8 markali po’latlardir. Harflar tegishli elementlarni bildiradi (masalan, X — xrom, S — kremniy, g — marganes, V — volfram, F — vanadiy), harflardan keyingi raqamlar ayni elementning foizlarda ifodalangan o’rtacha miqdorini ko’rsatadi.