ASKARIY
ASKARIY — o’rtapishar, mayizbop, urug’siz, xo’raki uzum navi. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. Asl vatani — Eron. Armaniston, Turkmaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistonning ayrim viloyatlarida ekiladi. Tupi o’rtacha o’sadi. Bargi yirik, cho’zinchoq, silliq, arra tishli, tuksiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi o’rtacha va yirik, shingillari tig’izligi o’rtacha. G’ujumi urug’siz, o’rtacha, och sariq. Po’sti yupqa, g’uborli. Eti sershira, mazasi yoqimli. Hosili faol harorat yig’indisi 2800 — 3000 da 120— 130 kunda pishib etiladi. Hosildorligi 59 — 90 tsenter/gektar. Sovuqqa bardoshi past. Rag’a va un shudring bilan kasallanadi. Yangiligida iste’mol etiladi, mayiz solinadi.