ASOSIY KAPITAL

ASOSIY KAPITAL — kapitalning asosiy ishlab chiqarish vositalari (mashina, asbob-uskuna, ishlab chiqarish binolari va uskunalari) ni o’z ichiga oluvchi, iqtisodiy jihatdan o’z qiymatini ishlab chiqarilgan tovarlarga asta-sekin va uzoq muddatda o’tkazib boruvchi qismi. Asosiy kapital pul shaklida uskuna, mashina-mexanizmlar, bino-inshootlar va boshqa qiymatidan iborat bo’lib, ular sotib olingan paytdagi bozor narxi bilan hisoblanadi. Asosiy kapital qiymatining bir qismi har yili mahsulotning ishlab chiqarish va sotish xarajatlariga kiradi va amortizatsiya ajratmalari tarzida maxsus amortizasiya fondida jamg’ariladi. Asosiy kapital hajmiga qarab mehnatning kapital bilan qurollanishi darajasini baholash mumkin (Asosiy kapital qiymati ishlovchilar soniga taqsimlanadi). Asosiy kapital tarkiban ikki qismga bo’linadi: mehnat qurollarida gavdalangan kapital (mashina-mexanizmlar); ishlab chiqarishning moddiy sharoitini yaratishda gavdalangan kapital (bino, inshoot, qurilma va hokazolar). Bu qismlar nisbati ishlab chiqarishning turli sohalarida har xildir.