ASPIRATSION JIHOZLAR
ASPIRATSION JIHOZLAR – havo yoki gaz tarkibini va havodagi changni tekshirish uchun namunalar oladigan mexanik qurilmalar. Sanoat korxonalari, laboratoriya va ustaxonalarning chang, zaharli aralashma va gazlar ajraladigan tsexlari va xonalaridagi havoni tozalash uchun ishlatiladi. Gaz miqdorini tekshirish uchun gaz maxsus idishga so’rib olinadi. Chang miqdorini tekshirish uchun tekshiriladigan havo ejektor, chang surgich yoki havo puflagich bilan chang qabul qilgichdagi filtr orqali so’rib olinadi; ayni vaqtning o’zida filtr orqali o’tgan havo hajmi o’lchanadi. Chang miqdori mg/m3 da ifodalanadi. Aspiratsiya (tozalash) yakka holda va markazlashgan usulda olib boriladi. Shunga qarab Aspiratsion jihozlar ham har xil bo’ladi. Changdan tozalash uchun yiguvchi kamera, tsiklon va filtrlar, zararli gaz va aralashmalardan tozalash uchun esa so’ruvchi ventilyatorlar o’rnatiladi.