ASTRAXON

ASTRAXON — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Astraxon viloyatining ma’muriy markazi. Volga daryosi deltasidagi yirik dengiz va daryo porti, temir yo’l tuguni. Quyi Volga bo’yining muhim iqtisodiy markazi. Kaspiy dengizidan 100 kilometr uzoqda. Aholisi 511,7 ming (1999). Astraxon qadimgi shaharlardan biri. Shahar mo’g’ullar hukmronligi yillarida (13-asr) Itilning chap sohilida joylashgan Ashtarxon (Hoji Tarxon) qishlog’i o’rnida qurilgan. 1459 yildan Astraxon Astraxon xonligining poytaxti. 1556 yilda shaharni Astraxon xonligi bilan birga Rossiya bosib olgan. Astraxon 17-18-asrlarda hukumatga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonlarning markazi bo’lgan. 1717-yildan gubernya shahri. 1943 yildan viloyat markazi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: oziq-ovqat (jumladan, baliq ovlash), mashinasozlik va metallsozlik (jumladan, kemasozlik). Yog’ochsozlik, tsellyuloza-qog’oz sanoati ham rivojlangan. Astraxonda 4 oliy o’quv yurti, o’lkashunoslik muzeyi, suratlar galereyasi, 2 teatr, 6 muzey bor.